Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi “Aholining huquqiy ongi, inson huquqlari va muloqot madaniyatini yuksaltirishda jamoatchilik nazoratini tashkil etish” mavzuida Davlat grantlari ajratish uchun 2-tanlovni e’lon qiladi.

Tanlovga nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining quyidagi maqsadlarni nazarda tutuvchi ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalari qabul qilinadi:

Davlat organlarida jamoatchilik kengashlari faoliyatining samaradorligini oshirishga ko‘maklashish;

Xalqaro reyting va indekslar, ularning tarkibiy indikatorlarida baholanadigan sohalarida davlat va jamiyat hayotini keng yoritish;

Aholining ma’naviy-axloqiy bilimlarini oshirish, oilada ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish;

Jamiyatda xotin-qizlarning o‘rni va nufuzini, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash;

Inson huquq va erkinliklariga amal qilinishini, har bir shaxsning qadr-qimmatini e’zozlash haqidagi tafsilotlarni OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yoritish;

Xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish;

Fuqarolar o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, aholining kundalik muammolari bilan ishlash va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;

Mahallalarda qonun ustuvorligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalarida ichki ishlar organlari, boshqa davlat idoralari va jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligini mustahkamlash;

Jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning samarali va zamonaviy mexanizmlarini joriy etish hamda ommalashtirish;

Aholi uchun bepul kafolatlangan tibbiy xizmat ko‘rsatish ustidan jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlarini va innovatsion usullarini joriy etish;

Ayollar va bolalarni ijtimoiy-huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy qo‘llab-quvvatlashda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish;

Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishning innovatsion shakllarini amaliyotga kiritish;

Sohalar bo‘yicha o‘tkazilgan jamoatchilik nazoratining natijalari haqida maxsus tele ko‘rsatuv va radio eshittirishlar tayyorlab efirga uzatish, internet va bosma nashrlarda yoritish;

Nizoli vaziyatlar, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatish holatlarini va o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni erta bartaraf etishda davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlikni shakllantirish.

Davlat granti ajratish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

1. Tashkilot rahbari tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan kuzatuv xati;

2. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining t.me/group_jamoat_fondi telegram kanalida joylashtirilgan shaklda to‘ldirilgan davlat granti loyihasi uchun ariza;

3. Oxirgi o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgan NNTlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining Ustavi (Nizomi) nusxasi;

4. Tashkilotning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;

5. Agar loyihani amalga oshirish litsenziyalanadigan faoliyatni talab qilsa, unda litsenziyaning nusxasi;

6. Manfaatdor davlat va jamoat tashkilotlarining tavsiya hamda qo‘llab-quvvatlash xatlari.

Bitta loyiha uchun ajratiladigan grant miqdori – 40 million so‘mgacha.

Hujjatlar 2021 yil 26 martidan 30 apreligacha qabul qilinadi.

Hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNTlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi nomiga “O‘zbekiston pochtasi” orqali yuboriladigan muhrlangan konvertlarda (A4 formatda) quyidagi manzil bo‘yicha qabul qilinadi: 100035, Toshkent shahri, Bunyodkor ko‘chasi, 1-uy.

Hujjatlarni taqdim etish shartlari va namunalari bilan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining t.me/group_jamoat_fondi telegram kanalida tanishish mumkin.

Ma’lumot uchun telefonlar: (0-371) 239-26-76, 239-26-86.