Prezidentimiz ayni paytda bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida davlat mablag‘larini talon-toroj qilish hamon og‘riqli masala bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

– Afsuski, davlat mablag‘lari o‘zlashtirilgani haqidagi xabarlarni ko‘p eshitamiz. Shaxsan menga bunday xabarlar juda qattiq ta’sir qiladi. Xalqning pulini o‘zlashtirgan noinsoflar haqida shuncha gapirsak ham kamaymayapti. Shuning uchun endi bu masalada qat’iy tartib o‘rnatamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz Bosh prokuror o‘rinbosariga har haftada bittadan viloyatdagi ishlar ahvolini o‘rganib, natijasi bo‘yicha axborot kiritish yuzasidan topshiriq berdi.

Yig‘ilishda Bosh prokuror o‘rinbosari A.Mavlonov respublika
va mahalliy byudjetdan ajratilayotgan mablag‘larni manzilli, talon-toroj qilmasdan samarali ishlatilishini prokuratura tizimi, tuman va shaharlar prokurorlarining yordamchilari tomonidan qanday nazorat etilishini tushuntirib berdi.

– Endi byudjet mablag‘i talon-toroj bo‘lsa, mutasaddilar bilan birga prokurorlar ham javobgar bo‘ladi, – dedi Prezident.

O‘zA