Mirobod tumanidagi “At-Termiziy” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 210-saylov uchastkasida ham Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov jarayoni qizg‘in kechmoqda.
Ushbu muhim siyosiy jarayonni yuqori saviyada, ochiqlik, tenglik va adolat tamoyillari asosida o‘tkazish uchun saylov uchastkasida zarur ishlar amalga oshirildi. Saylov uchastkasi davlat ramzlari, zarur adabiyot va qo‘llanmalar, ovoz berish kabina va qutilari bilan ta’minlangan. Ona va bola, tibbiyot xonalari barcha sharoit mavjud. Mazkur saylov uchastkasida 1000 nafardan ortiq saylovchi ishtirok etishi kutilmoqda. Saylov uchastkasi a’zolari nogironligi bor fuqarolarning uyiga borib, saylovda ishtirok etishini ta’minlamoqda.
– Saylovda qatnashish buguni va kelajagiga befarq bo‘lmagan har bir fuqaro uchun muhimdir, – deydi Hayotxon Boboyeva. – Bu saylov poytaxt aholisi hayotida yanada katta ahamiyatga ega. Zero, Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent shahrida tumanlar darajasida xalq deputatlari Kengashlari ta’sis etilishi bizni o‘z vakillarimiz – deputatlar orqali tumanlarni boshqarishda ishtirok etish, o‘zimizni qiynayotgan muammolarni mahalliy hokimiyatga yetkazish va hal etishga imkoniyat yaratadi. Har bir fuqaroning ovozi, o‘ziga munosib nomzodni saylashi ana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi. Saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rilgani yaqqol sezilib turibdi. Deputatlikka nomzodlarning tarjimai holi va saylovoldi dasturi bilan tanishdik. Fuqarolar konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan holda ushbu saylovda qatnashish asnosida farovon va baxtli hayotimiz, o‘z kelajagimiz uchun ovoz berayotganimizni chuqur his qilyapmiz. Men ham saylovda qatnashib, munosib nomzodga ovoz berdim.