Tadqiqotlarga ko‘ra, “Mehribonlik” uylari bitiruvchilarining to‘satdan katta hayotga o‘tishi qiyin kechadi. Ularning ijtimoiy yakkalanib, uysiz va ishsiz bo‘lib qolishi, jinoyatchiga aylanishi, ruhiy salomatligining buzilishi va ular hattoki, o‘z joniga qasd qilishgacha borishi mumkin.
Mamlakatimizda Xalq ta’limi vazirligiga qarashli 17 ta “Mehribonlik” uyi va 4 ta Bolalar shaharchasida 2 ming 47 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga yetmaganlar tarbiyalanmoqda. Ayni paytda ulardan 316 nafari chin yetim, 506 nafarining otasi yoki onasi bor. 770 nafar bola otalik va onalik huquqidan mahrum etilganlarning farzandlaridir. 235 nafar kam ta’minlangan oila farzandlari “Mehribonlik” uylarida yashamoqda. Ularning otasi ham, onasi ham bor.
Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi «Mehribonlik» uylari hamda Bolalar shaharchalarida bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati o‘rganib chiqildi va bu borada Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) o‘rinbosari, Bola huquqlari bo‘yicha Vakil Aliya Yunusova O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.
– Bitta bolani “Mehribonlik” uyida tarbiyalash hozirda davlatga bir oyda 2,5 million so‘mga tushmoqda, – deydi A.Yunusova. – Bu kabi holatlarni barcha “Mehribonlik” va bolalar uylarida uchratish mumkin. Qashqadaryo viloyatidagi 5-sonli “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilari 83 nafar bo‘lib, bor yo‘g‘i 15 nafari chin yetim, 27 nafar kam ta’minlangan oila farzandlari, 4-sonli “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilari 97 nafar, chin yetimlar 29 nafar, kam ta’minlangan oilaning farzandlari 34 nafarni tashkil qiladi.
Farg‘ona viloyatidagi 1-sonli “Mehribonlik” uyidagi 153 nafar tarbiyalanuvchidan 14 nafari chin yetim, 20 nafari kam ta’minlangan oilaning farzandlaridir. 12-sonli “Mehribonlik” uyidagi 139 tarbiyalanuvchidan 15 nafari chin yetim, 6 nafari kam ta’minlangan oilaning farzandlari, 44 nafari esa yolg‘iz ona farzandi.
Andijon viloyati bolalar shaharchasidagi 90 tarbiyalanuvchining 23 nafari chin yetim, kam ta’minlangan oilaning farzandlari 12 nafar. Buxoro viloyati 32-sonli “Mehribonlik” uyida 103 nafar bola ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularning 3 nafari chin yetim, 18 nafarining yo onasi, yoki otasi bor, 46 nafarining ota-onalari ota-onalik huquqidan mahrum qilingan, 13 nafari kam ta’minlangan oila bolalari, 6 nafarining ota-onasi ozodlikdan mahrum qilingan, 6 nafari nogiron oila farzandi, 12 nafari ota-onasi voz kechganlarni tashkil qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida “yetim bola” tushunchasiga ta’rif berilgan bo‘lsada, “Mehribonlik” uylari va bolalar uylarida chin yetim, chala yetim, ijtimoiy yetim, yarim yetim kabi so‘zlar bilan yetimlik tushunchasiga o‘zlaricha yondashmoqda. “Mehribonlik” uyi to‘g‘risidagi nizomga asosan kam ta’minlangan, ko‘p bolali oilalarning bolalari, faqat otasi yoki onasi bor bo‘lgan bolalar ushbu oilalarni bir yilgacha muddatda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida vaqtinchalik qabul qilinishi, ularning bundan keyin “Mehribonlik” uyida bo‘lishi tarbiyalanuvchi yashaydigan joy bo‘yicha vasiylik va homiylik organining xulosasiga ko‘ra, tuman (shahar) hokimining qarori bilan hal qilinishi belgilangan.
Lekin bunday bolalar yillab muassasalarda hokimlar qarorlari asosida qolib ketmoqda. Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni turar joy bilan ta’minlash tartibi belgilab berilgan bo‘lsa-da, joylarda bu boradagi ahvol qoniqarli emas.
Monitoringlar davomida o‘rganilgan “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari joriy yilning 6 oyi davomida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmagan va sog‘lomlashtirish ishlari olib borilmaganligi aniqlandi. Tarbiyalanuvchilarni SanQvaM talablari bo‘yicha ratsional ovqatlantirilishiga yetarli e’tibor berilmayapti.
Albatta, davlatimiz tomonidan bu bolalar doimiy e’tiborda, qo‘llab-quvvatlab kelinadi. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 12 fevraldagi “Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ijtimoiy yetimlikni yanada kamaytirish, yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish, ularning jadal ijtimoiy moslashuvi uchun keng imkoniyatlar yaratish, tarbiya muassasalarining ish faoliyatini yaxshilash, shuningdek, jismonan sog‘lom va ma’naviy yetuk avlodni tarbiyalashda oilaning rolini mustahkamlashga doir chora-tadbirlar belgilandi.
Ta’kidlash joizki, “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyaning talablariga asosan bola oila g‘amxo‘rligida o‘sishi va buni davlat tomonidan ta’minlashda ko‘maklashishi lozimligi ko‘rsatilgan va O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 65-moddasida ushbu norma o‘z aksini topgan.
Davlatimiz tomonidan qabul qilingan sohaga doir Qonun va qonun osti hujjatlarida bolalarning “Mehribonlik” uylarida tarbiyalanishiga ohirgi chora sifatida qarash lozimligi, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning muqobil tarzda joylashtirishdan samarali foydalanish zarurligi belgilangan.
Bunda bolani vasiylik yoki homiylikka berish, bolani farzandlikka berish (bugungi kunda vasiylik va homiylik organlarida 66 ming bola ro‘yxatda turibdi. Shuning 32 ming nafari farzandlikka berilgan)ga alohida e’tibor qaratilgan. Bolani oilada yashash va tarbiyalanish huquqini kafolatlash maqsadida patronatga (oila tarbiyasiga) berish ham o‘zining ijobiy samarasini berishi ta’kidlangan.
O‘tgan yil mamlakatimizda 336 nafar tarbiyalanuvchi “Mehribonlik” uylari hamda Bolalar shaharchalarini bitirgan.
Bolalar oilalarga tegishli, “Mehribonlik” uylariga emas.
Birinchidan, institutlashtirish bolalarning sog‘lig‘i va rivojlanishi (ruhiy va jismoniy rivojlanishi)ga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu salbiy ta’sir bolalar muassasalari barcha talablarga javob bergan va yaxshi moliyalashtirilgan taqdirda ham, kuzatilishi mumkin.
Ikkinchidan, tajovuzlar xavfining yuqori ekani. Ko‘pgina tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, “Mehribonlik” uylarida tarbiyalangan barcha yoshdagi bolalar juda ko‘p tajovuzlarni boshdan kechiradi. Jumladan, ular jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlikning yo‘qligi, shuningdek, odam savdosi yoki ekspluatatsiyaning boshqa ko‘rinishlaridan aziyat chekish xavfi ostida bo‘ladi.
Bolalar muassasalarida jamiyat ko‘zidan panada sodir bo‘layotgan holatlar ustidan doimiy nazorat va kuzatuv olib borish deyarli imkonsiz. «Mehribonlik» uylari va bolalar shaharchalari bino hamda hududlarining videokuzatuv kameralari bilan jihozlanishi yuzaki choralar hisoblanadi. Muammoni faqatgina vasiylikning oilaviy shakllari hamda tutingan ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash xizmatlari yo‘li bilan hal etish mumkin.
Institutsionalizatsiya bitiruvchilarga balog‘atga yetganidan keyin ham muammolarni keltirib chiqarishda davom etadi.
Ko‘plab oilalarda bolalar odatda ovqat tayyorlash, kir yuvish, oziq-ovqat va kiyim-kechaklarni sotib olish va boshqa shu kabi mayda-chuyda ishlarni o‘zlari qiladi va bu borada mustaqil qaror qabul qila oladi. Biroq bolalar uylarida bu kabi ishlarni boshqalar ular uchun qilib berganlari sababli ularda boqimandalik kayfiyati paydo bo‘ladi. Mustaqil hayot ko‘nikmalari mavjud bo‘lmagani natijasida ular jamiyatdagi mustaqil hayotga tayyor bo‘lmagan holda chiqariladi. Qolaversa, shuni alohida ta’kidlash lozimki, bolalar uylari davlat byudjetiga juda qimmatga tushadi.
Ish haqi jamg‘armasi, kommunal xizmatlar va bolalar uyining binolarini saqlash xarajatlari. Moliyaviy xarajatlar bir taraf, lekin ma’naviy zararni taqqoslash qiyin.
Bolalar uylari jamiyatga juda qimmatga tushadi. Chunki biz yopiq muassasalarda bolalar uylari tarbiyalanuvchilarining ruhiyatini va rivojlanishini buzmoqdamiz.
Agarda yetimxonalardan asta-sekinlik bilan voz kechilib, «ozod qilingan» insoniy va moliyaviy resurslarni professional vasiylik va homiylikni rivojlantirishga yo‘naltirsak, bolalarni oilalarga tarbiyalash uchun joylashtirish orqali byudjetdan soliq to‘lovchilarning pullari kamroq sarflangan bo‘lardi.
Bolalar uylarini yopish zarurligi haqida gap ketganida, birinchi navbatda, oilalarning ajralib ketishiga barham beradigan ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish hamda o‘z oilalari bilan yashay olmaydigan bolalarga munosib muqobil takliflarni taqdim etish zarur. Insoniy va moliyaviy resurslarni qayta yo‘naltirgan holda bolalarni bosqichma-bosqich muassasalardan ularning ehtiyojlariga ko‘proq mos keladigan vasiylikning oilaviy shakllariga o‘tkazish vaqti keldi.
Asosiysi, yetimlik oqibatlari bilan kurashish emas, balki uning oldini olish, himoyaga muhtoj oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilashdir.
O‘zA muxbiri Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.