Oliy Majlis Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhokama qilindi.
Bugunga qadar madaniyat sohasidagi huquqiy munosabatlar “Madaniy boyliklarni olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi, “Muzeylar to‘g‘risida”gi, “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qator farmon va qarorlari, qolaversa, boshqa ko‘plab qonunosti hujjatlari bilan tartibga solib kelinayotgan edi.
Madaniyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, madaniyat va san’at muassasalari, ijodiy uyushma va birlashmalarning huquqiy maqomi, ijodkorlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan yagona huquqiy baza yaratilmagani turli e’tirozlarga sabab bo‘layotgandi. Bunga javoban “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonun sohadagi huquqiy bo‘shliqni to‘ldirishga xizmat qiladi.
Qonunda madaniyat sohasida davlat siyosatining maqsadi va asosiy ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, mazkur yo‘nalishdagi huquqiy munosabat ishtirokchilarini aniqlash va ularning vakolatlarini, iste’dod egalari va madaniyat muassasalarining huquqiy maqomini belgilash, madaniyat tashkilotlarini davlat hokimiyati organlari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro aloqa va hamkorligini takomillashtirish, madaniyat tarmoqlari raqobatbardoshligini oshirish va boshqa qator muhim masalalar qamrab olinmoqda.
Vazirlar Mahkamasi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, “O‘zbekkino” milliy agentligi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari madaniy faoliyat sohasidagi davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni amalga oshiruvchi organlar sifatida ko‘rsatilib, ularning vakolatlari belgilanmoqda.
Qonunning qabul qilinishi madaniyat sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish samaradorligini oshiradi hamda xalqaro huquq normalarini milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilinishini ta’minlaydi.
Shuningdek, xalqaro maydonda O‘zbekiston Respublikasining imijini oshirish bilan bir qatorda, xalqlar va mintaqalar o‘rtasidagi madaniy aloqalarning yanada rivojlanishi va mustahkamlanishiga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA