O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklida o‘tadigan majlisida ishtirok etadi.
Rossiya raisligida o‘tkaziladigan ushbu uchrashuv kun tartibidan yangi global xatar va tahdidlarning kuchayishi sharoitida SHHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari o‘rin olgan.
Tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlar delegatsiyalarining rahbarlari ustuvor yo‘nalishlarda ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qiladilar, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashadilar.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham sammit ishtirokchilariga videomurojaat yo‘llashi kutilmoqda.
Majlis yakunida SHHT doirasida, shu jumladan xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiy kooperatsiya, raqamli texnologiyalarni joriy etish, qishloq hududlarni rivojlantirish, epidemiyalarga qarshi samarali kurashish va boshqa sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Moskva deklaratsiyasi va hujjatlar to‘plamining qabul qilinishi rejalashtirilgan.