Pokiston tashqi ishlar vaziri bilan muloqot toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi Oʻzbekiston – Pokiston munosabatlarining hozirgi holati va istiqboli muhokama qilindi.
Afgʻonistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb qilish orqali mazkur mamlakatda tinchlik va barqarorlikka erishish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirish muhimligi qayd etildi.
Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi transport yoʻlaklarini rivojlantirish hamda oʻzaro savdo hajmini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Tashqi ishlar mahkamalari rahbarlari xalqaro tashkilotlar doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlik masalalarini koʻrib chiqdilar.
Tomonlar umumiy kun tartibidagi boshqa masalalar boʻyicha ham fikr almashdilar.

 

OʻzA