Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida «Kichik va o‘rta korxonalarni kengaytirish: davlat, investorlar va tadbirkorlarning roli» mavzusida biznes nonushta tashkil etildi.

Biznes rivoji yo‘lida o‘zaro fikr almashish uchun o‘ziga xos platforma vazifasini o‘tagan mazkur tadbirga AQSHning sobiq moliya vaziri, hozirda venchur investor bo‘lgan Tomas Emanuel Dens moderatorlik qildi.

Muloqotda ish o‘rinlari yaratishning muhim vositasi sifatida kichik va o‘rta biznes korxonalarini rivojlantirish masalalari muhokamalar markazida bo‘ldi.

Tadbirning spikerlaridan biri sifatida ishtirok etgan «Biznesni rivojlantirish banki» ATB Boshqaruvi raisi Saxi Annaklichev o‘z chiqishida bank O‘zbekistonda faol tatbiq etilayotgan «Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash» kompleks dasturining asosiy tayanch banki etib belgilanganini ta’kidladi. Shuningdek, hozirda biznesga o‘qitish borasida, xususan, Yaponiyaning Yamagata universiteti bilan kelishuv doirasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, kichik biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan xalqaro hamkorlik va joriy qilingan bank xizmatlari haqida ma’lumot berildi.

Taqdim qilingan axborotlar xorijlik investorlar tomonidan qiziqish bilan kutib olindi.

Biznes nonushta yakunida ishtirokchilar mamlakat iqtisodiyotida va yangi ish o‘rinlarini yaratishda kichik va o‘rta biznes korxonalari muhim o‘rin tutishi hamda davlat, investorlar va tadbirkorlarning hamkorligi zarurligi haqida yakdil fikrni bildirdi.

O‘zA