Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kadrlar salohiyati va raqobatbardoshligini yanada oshirish, jurnalistika sohasini rivojlantirish, «milliy kontent» yaratishga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-iyundagi «Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingani bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.

Ayniqsa, davlat organlari va tashkilotlarida axborot xizmatlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida ularning ochiqligini ta’minlash borasidagi ishlari ijobiy tarafga o‘zgardi. Albatta, bu borada ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yosh jurnalist talabalarning o‘rni beqiyos hisoblanadi.

Joriy yilning 3-may – Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti bilan hamkorlikda «Yangi O‘zbekiston jurnalistikasi: so‘z erkinligi va qonunchilik amaliyoti» mavzusida davra suhbati o‘tkazdi.

Davra suhbatida axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash, so‘z va matbuot erkinligi doirasidagi masalalarga, bu borada qonunchilik amaliyoti, uni hayotga tatbiq etishning dolzarb jihatlariga e’tibor qaratildi.

Muloqotda xususiy media va bloglar hayotimizdan keng o‘rin egallab borayotgani, jamiyatimiz hayotida yo‘l qo‘yilayotgan kamchilik va muammolarni dadil ko‘tarib chiqishda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Tadbir davomida davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni ta’minlash borasida amalga oshirayotgan ishlarining samaradorligi ijobiy tarafga o‘zgarayotgani, jurnalistika sohasida faoliyat olib borayotgan malakali kadrlarga ehtiyoj sezilayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda o‘quvchi talabalar parlament faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Qo‘mitada doimiy asosda ishlovchi senator M.Parpiyev qo‘mitalar tomonidan olib borilayotgan ishlar, shuningdek, Senat yalpi majlislari, qonunlar muhokamasi qay tarzda o‘tishi, muhokama va munozaralar tafsiloti haqida batafsil so‘zlab berdi.

Qo‘mitaning maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, axborot siyosati va davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni ta’minlash bilan bog‘liq olib borilayotgan faoliyat tanishtirildi.

Talabalar so‘z erkinligi, axborot siyosati, jurnalist va bloger faoliyatiga doir savollarga atroflicha javoblar oldi. Muloqot-uchrashuvda, shuningdek, talabalar tomonidan bir qator tashabbus va takliflar ilgari surildi.

O‘zA