Hukumat faoliyatini baholash: Koreya Respublikasida qo‘llaniladigan baholash usullari va vositalari
Hukumat faoliyatini baholash – davlat siyosati, dasturlari va xizmatlari samaradorligini aniqlash uchun foydalaniladigan jarayon.
Davlat tashabbuslarining muvaffaqiyatini o‘lchash hamda rivojlantirish salohiyatiga ega bo‘lgan va shu bilan birga, samarasi past bo‘lgan sohalarni aniqlash uchun muhim vositadir.
Mazkur baholash orqali davlat boshqaruvi organlari ustuvor yo‘nalishlardagi vazifalarni bajarish hamda belgilangan natijalarga erishish uchun zarur chora-tadbirlarni aniqlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mazkur jarayon mablag‘larning maqsadsiz sarflanishiga yo‘l qo‘ymaslik va davlat byudjetidan samarali foydalanishga xizmat qiladi hamda ochiqlikni va hisobdorlikni, aholining davlat boshqaruvi organlariga bo‘lgan ishonchini oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasida boshlangan “Hukumat faoliyatini baholash: Koreya Respublikasida qo‘llaniladigan baholash usullari va vositalari” mavzusidagi xalqaro seminarda shu haqda so‘z bordi.
Unda Koreya davlat boshqaruvi instituti prezidenti Sanghan Choi va institut professor-o‘qituvchilari, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mas’ullari, vazirlik va idoralar rahbarlari va xodimlari, akademiya olimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbirda Koreya Respublikasi so‘nggi bir necha o‘n yillikda hukumat faoliyatini baholashda sezilarli yutuqlarga erishgan davlat ekani qayd etildi.
Koreyada davlat faoliyati samaradorlik ko‘rsatkichlarining kompleks to‘plami ishlab chiqilgan. Koreya hukumati katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish va tendensiyalarni aniqlash uchun katta miqdorda sarmoya ajratgan.

Janubiy Koreya hukumat faoliyatini baholashda uning siyosati va dasturlari samarali va shaffof bo‘lishini ta’minlashga yordam bergan bir qancha ilg‘or tajribalarni joriy qildi. Bu davlat tajribasini chuqur o‘rganish va uning eng yaxshi jihatlarini o‘zimizda joriy qilishda mazkur xalqaro seminar-trening muhim ahamiyatga ega.
O‘quv-trening maqsadi ishtirokchilarni Koreya Respublikasining hukumat faoliyatini baholash tizimi, shu jumladan, qo‘llaniladigan baholash usullari va vositalari bo‘yicha bilimlar bilan qurollantirishdan iborat.
O‘quv dasturi to‘qqiz modulni o‘z ichiga oladi. Unda Koreya hukumati faoliyatini baholash tizimi, o‘zini o‘zi baholash, maxsus baholash, faoliyat maqsadlarini belgilash va tegishli ko‘rsatkichlarni shakllantirishning nazariy-amaliy asoslari, tegishli ko‘rsatkichlarni shakllantirish, bu haqdagi fikr-mulohazalar, Koreya hukumati siyosati natijalarini baholash, harakatlar rejalarini ishlab chiqish va muhokama qilish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar olib boriladi.
N.Abduraimova, O‘zA