Xitoy Xalq Respublikasi iqtisodiyoti yuksak darajada rivojlangan, ulkan imkoniyatlarga ega davlatlardan biri sanaladi. Bugungi kunda mamlakatimiz turli sohalarda Chin diyori bilan izchil hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Jumladan, Buyuk ipak yo‘lidagi Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Sharq bilan G‘arbni bog‘lagan. Madaniyat, sanat, turli millatlarning o‘ziga xos anana va urf-odati yaxshi saqlangan bu hudud ayni payt butun dunyo sayehlari uchun qiziqarli manzillardan biriga aylangan.
Mintaqaning Ili-Qozoq avtonom viloyati bo‘ylab tashkil etilgan press-turda Markaziy Osiyo davlatlaridan yigirmaga yaqin ommaviy axborot vositasi vakili qatori O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri ham ishtirok etmoqda.
Ilk manzil – Kulja tumanidagi Kazansi folklor-sayyohlik zonasi Sinxua sharqiy yo‘lida, 22,9 kvadrat kilometr maydonda joylashgan. 2007 yil hududni modernizatsiya qilish va turizmni rivojlantirish maqsadida yuz million yuandan ortiq sarmoya kiritilgan.
– Manzarali hududda Syanlun sulolasi zamonidan Xitoy Xalq Respublikasi tuzilgan davrgacha 300 dan ziyod qadimiy inshoot, boy madaniy merosga ega 20 mingga yaqin turar joy – hovli mavjud, – deydi Kazansi etno-sayyohlik markazi direktori Ma Li Ying. – Tarixiy, madaniy, turizm va dam olish maskanlari – Ili ko‘k darvozasi, Shensi Dasi milliy madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish bo‘limida turli millat vakillari xalq madaniyati, oshpazlik mahorati, o‘ziga xos arxitekturasi aks etgan 88 turistik hovli, nomoddiy madaniy meros ob’ekti, hunarmandlik mahsulotlari namoyishi maydonchalari mavjud. Hududda uch mingdan ortiq odam ish bilan band qilingan.
Ko‘p millatli xalqning anana va urf-odatini saqlab qolib, butun dunyoga ko‘rsatish maqsadida o‘z holicha saqlab qolingan uzoq tarixga ega uy-joylar turli millat vakillarining yashash tarzi, milliyligi, betakror me’morchiligini ko‘z-ko‘z etadi. Majmuada o‘zbek madaniyati bo‘linmasi ham bor. Tabiiyki, bizning e’tiborimizni taniqli tarixiy shaxs Turdioxun Boyning o‘zbekona bezatilgan uy-muzeyi – milliy buyumlarimizdan iborat ekspozitsiya tortdi.
Ushbu hududdagi uyg‘ur millati vakillarining yashash tarzi – xususan, tili, urf-odati, sanati, ayniqsa musiqasi o‘zbeklar ko‘ngliga juda yaqin.
Qayd etish kerak, Buyuk ipak yo‘li shu o‘lkadan ham o‘tgani mahalliy madaniyat rivojiga samarali ta’sir ko‘rsatgan. Qimmatbaho toshdan buyum yasash, paxtachilik, ipakchilik, jun, tola va ipakdan mato, gilam to‘qish, bosh kiyim tikish rivojlanib, sanat darajasiga chiqqan. Sayyohlar turli millat vakillari tomonidan qo‘l mehnati bilan yasalgan, tikilgan ko‘plab bejirim, go‘zal mahsulotlarni tomosha qilishi, xarid qilishi mumkin.
Press-tur davomida jurnalistlar ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan ham tanishtirildi. Xususan, viloyatning yetakchi korxonasi – “Yili Yimuxin Dairly Co LTD” sut ishlab chiqarish korxonasida kuniga 500 tonnaga yaqin sut qayta ishlanib, 30 dan ziyod turdagi mahsulot tayyorlanib, asosan xorijga eksport qilinarkan.
Eslatib o‘tamiz, 25 maygacha davom etadigan tadbir dasturidan ko‘plab qiziqarli ob’ektlar bo‘ylab sayohat, “Xitoy (Xorgos) – Markaziy Osiyo” qo‘shma media ofisining ochilish marosimi o‘rin olgan.
O‘zAni kuzatib boring.
Go‘zal Sattorova, O‘zA
Xitoy, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni