Ashxobodda YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyalar vakillari uchrashdi

279

Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY)ga a’zo davlatlarning YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyalari 10-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir doirasida YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyalar vakillarining uchrashuvi ham tashkil etildi. Unda yurtimizdan YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi Bosh kotibi o‘rinbosari Elmurod Najimov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

Delegatsiya rahbari ishtirokchilarga qutlov so‘zi bilan murojaat qilib, mamlakatlar o‘rtasida madaniy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga ko‘pmillatli nomzodlarning kiritilishiga birgalikda qo‘shgan faol hissasi uchun vakillarga minnatdorchilik bildirdi.

Nutq so‘ngida delegatsiya rahbari TURKSOYga a’zo mamlakatlarni 2025 yil Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga taklif qildi.

Yig‘ilish doirasida Turkiy dunyoning madaniy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiya muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zA