Qozog‘istonda boks bo‘yicha o‘tayotgan Osiyo chempionatining yoshlar o‘rtasidagi bellashuvlarida finalga yo‘l olgan vakillarimiz nomi aniq bo‘ldi.

Yarim final bahslarining o‘g‘il bolalar orasidagi bellashuvlarida 10 nafar bokschimiz ringga ko‘tarildi.

Ular orasida Sobirjon Tastanov, Nodirbek Allaberganov, Muhammadazizbek Ismoilov, Akmaljon Isroilov, Halimjon Mamasoliyev va Shahzod Polvonov final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, Mironshoh Norqosimov, Abdulloh Tohirov, Samandar Habibullayev va Javohir Mehriddinov o‘z vazn toifalarida Osiyo chempionatining bronza medaliga ega chiqdi.

Qizlar o‘rtasida Sobiraxon Shahobiddinova, Odinaxon Ismoilova, Feruza Sharipova, Jasmin Tohirova yarim finalda muvaffaqiyatga erishdi va oltin medal uchun jang qiladi.

Terma jamoamiz tarkibida Ruxshona Parpiyeva, Sanobar Bozorboyeva, Oysha Toirova, Ruxshona Shakarova, Rahima Bekniyazova, Uzukjamol Yunusova, Zilolaxon Yusupova, Hilolaxon Mashrabova bronza medali bilan taqdirlandi.

Osiyo chempionatining bugungi dasturida 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida yarim final janglari o‘tkaziladi.

Unda erkaklar va ayollar o‘rtasida 10 nafardan vakillarimiz final yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tariladi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA