Shu yil 29-mart kuni “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ishlar bo‘yicha o‘tkazilgan Prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida yo‘llar va kanallar bo‘yidagi yerlarni talabgorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida 10-yilga berib, 5 qatordan ko‘chat ektirish tizimini hozirgi mavsumda amalga oshirish orqali ko‘plab daraxtzorlar yaratish, bu yil topshiriladigan 2,5 mingta ko‘p qavatli uylar hududining 30 foizida, 38 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlarining har birida kamida 1 gektardan yashil xiyobonlar tashkil qilinishi belgilangan edi.

Ushbu ustuvor vazifalardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining tegishli qarori bilan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. Bugun parlament quyi palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan davra suhbatida mazkur “Yo‘l xaritasi”ning 2-bandidagi “Daraxt ekmaganlik uchun javobgarlik belgilash” borasidagi qonun ijodkorligi masalalari atroflicha muhokama etildi.

Qayd etilganidek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hududlarni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ham shaharlar bosh rejalarini tuzishda ular hududining kamida 30 foizini yashil maydonlar tashkil etishi, turar joy binolarini qurishda “yashil maydon”larni aholining soniga mutanosib bo‘lishini ta’minlash belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, qonunchilik hujjatlarida shahar va qishloq aholi punktlari hududlarini rivojlantirish va qurilishini rejalashtirishda shahar va qishloq aholi punktlarida ko‘kalamzorlashtiriladigan hududlar maydonlarini tashkil etish bo‘yicha majburiyatlar belgilangan.

Ammo hozirgi kunda ushbu majburiyatlarni amalga oshirmagan yuridik shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik nazarda tutilmagan. Davra suhbatida shahar va qishloq aholi punktlari va turar-joy qurilishlari hamda sanoat zonalari hududlari maydonlarida shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan ko‘kalamzorlashtirilgan hududlarni tashkil etish majburiyatini amalga oshirmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar berildi.

Shu bilan birga, daraxt ekmaganlik uchun javobgarlik belgilash maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Shaharsozlik kodekslariga, shuningdek, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha ko‘plab takliflar ilgari surildi.

Munozara va muhokamalar davomida “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ishlar ustidan samarali parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish lozimligi qayd etildi.

Ta’kidlash joizki, daraxt ekmaganlik uchun javobgarlik belgilanishi yashil maydonlarni kengaytirish, o‘simlik dunyosi muhofazasini kuchaytirish hamda atrof-muhit musaffoligiga xizmat qiladi.

M.Komilova, O‘zA