Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlari, mahalliy kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratilgani hokimiyatlar bo‘linishiga oid konstitutsiyaviy tamoyilning mahalliy darajada ijrosini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarining 2024-yil 2-fevraldagi farmonida O‘zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Unda mahalliy kengashlarning norma ijodkorligi sohasidagi faoliyatini takomillashtirish va mahalliy kengashlar qarorlarini ishlab chiqishda jamoatchilikning keng ishtirokini ta’minlash konsepsiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida nazarda tutildi.
Shu maqsadni amalga oshirishga qaratilgan davra suhbati  Adliya vazirligida tashkil etildi.

Bu masala Senat kengashining qarorida ham aks etgani qayd etildi. Shuningdek, mahalliy kengashlar deputatlari tomonidan qarorlar loyihalarini ishlab chiqish, ularni manfaatdor tashkilotlar bilan kelishish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish jarayonlari bilan bog‘liq mavjud ahvol, bu borada uchrayotgan muammolar, ularni hal qilish yo‘llari, ishlab chiqiladigan konsepsiyaning qonunchilik bazasini tizimlashtirish, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish barqarorligini ta’minlash, norma ijodkorligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish kabi masalalarga e’tibor qaratilishi maqsadga muvofiq.

Bu yo‘nalishda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, ilmiy doiralar va xorijiy ekspertlarni keng jalb etgan holda uchrashuvlar, seminarlar, davra suhbatlari va matbuot anjumanlari tashkil etiladi.

Davra suhbatida mutaxassislar mahalliy kengashlar qarorlari loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilishda yagona amaliyotni mustahkamlash bo‘yicha dastlabki takliflar berilganini aytib o‘tdi. Bu yo‘nalishda qilinadigan ishlar yuzasidan fikr almashildi va zarur tavsiyalar bildirildi.

N.Abduraimova, O‘zA