Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etgan BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Tatyana Molchan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga tashrif buyurdi.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullayev bilan uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik, jumladan, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasida ham jadal rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

2023-yil noyabr oyida Bok-u shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyoti bo‘yicha Maxsus dasturining birinchi sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish, shuningdek, amaliy targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi.

Yevropa iqtisodiy komissiyasi bilan mamlakatimizda transport sohasining rivoji, innovatsiyalar, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda gender tenglik masalalari bo‘yicha hamkorlikning muhim jihatlari alohida ta’kidlab o‘tildi.

O‘zbekistonda avtomobil yo‘llarida xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi islohotlar yuzasidan keng ma’lumot berildi, shuningdek, kelgusidagi hamkorlik borasidagi vazifalar belgilab olindi.

N.Abduraimova, O‘zA