Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ichimlik suvi ta’minoti va ta’minlanish darajasi, uni asrab-avaylash hamda oqilona foydalanishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu borada “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan keng qamrovli islohotlar olib borilmoqda.

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, zamonaviy texnologiyalarni sohaga jalb etish maqsadida tashkilot tomonidan yangi xalqaro loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanib, xalqaro moliya institutlari bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda.

O‘zbekistonning xalqaro reytinglarda mavqeyi ko‘tarilayotganligi uning xalqaro moliya institutlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada kengaytirish uchun zamin yaratmoqda.

Jumladan, joriy yil boshidan “O‘zsuvta’minot” AJ bir qator xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Xususan, jamiyat va Janubiy Koreyaning “K-Water” akademiyasi o‘rtasidagi hamkorlik loyihasi tizimda eng istiqbolli loyiha bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

“O‘zsuvta’minot” AJ  boshqaruvi raisi o‘rinbosari v.b. X.Raxmatullayev “K-Water” akademiyasi bosh menejeri Djong Yong Kim bilan uchrashib, hududiy suv ta’minoti korxonalari faoliyati bilan tanishdi. Hududlarda davra suhbatlari hamda seminar-treninglar o‘tkazildi.

Shuningdek, suv akademiyasi konsepsiyasi va hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Quvonarlisi, akademiya bosh menejeri “O‘zsuvta’minot” AJ vakillarini yilning eng muhim voqeasi, 2024-yil 20-21-may kunlari Indoneziyaning Denpasar shahrida bo‘lib o‘tadigan 10-jahon suv forumiga ishtirok etish uchun taklif qildi.

Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri