Huquqiy munosabat

Pasport berish va undan foydalanish, qayd etish, ro‘yxatdan chiqarish tartibini, shuningdek, pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan.

Fuqarolik pasporti va uni yangilash muddatlari xususida Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov batafsil tushuntirish berdi.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 5-yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti to‘g‘risida»gi nizomning 11-bandiga ko‘ra, pasport quyidagi hollarda ID-kartaga almashtiriladi.

Jumladan, pasportning amal qilish muddati tugaganda, familiyasi, ismi, otasining ismi, millati, tug‘ilgan sanasi o‘zgarganda, pasportdagi yozuvlarda noaniqliklar va xatolar mavjudligi aniqlanganda, sud ajrimi bilan pasportning amal qilishi to‘xtatib turilganda, pasport blankasi yaroqsiz holga kelganda hamda pasport yo‘qotib qo‘yilganida ID-kartaga almashtiriladi.

Fuqaro pasportining amal qilish muddati tugagandan so‘ng yoki familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili va millati o‘zgargandan so‘ng pasporti 1 oy muddatda ID-kartaga almashtirilishi lozim.

Yuqorida keltirib o‘tilgan qoidaga amal qilinmagan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasportsiz yoki identifikatsiyalovchi ID-karta yoxud haqiqiy bo‘lmagan pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmasdan yashashi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasportini yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani, xorijga chiqish uchun biometrik pasportini qasddan yaroqsizlantirishi yoki uni ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo‘qotib qo‘yishi, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning harakatlanish hujjatini qasddan yaroqsizlantirishi yoki uni ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo‘qotib qo‘yishi, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning haqiqiy bo‘lmagan identifikatsiyalovchi ID-kartasi (O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi) bilan, doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmasdan yashashi, identifikatsiyalovchi ID-kartasini (O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini) qasddan yaroqsizlantirishi yoki uni ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo‘qotib qo‘yishi, – bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan uch baravariga(170 ming so‘mdan 1 million 20ming so‘mgacha) cha miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA