Shu yilning 21-23 may kunlari “O‘zekspomarkaz” pavilonlarida “UzCharmExpo-2024 Leather Goods” charm, poyabzal, attorlik, qorako‘l, mo‘yna, jun va mahalliylashtirilgan mahsulotlarning 16 Xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda. Savdo-sanoat palatasi, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi va Xalq banki tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmada milliy va xorijiy brendlar o‘zlarining eng so‘nggi ishlanmalari, xizmatlari bilan ishtirok etmoqdalar. Mazkur ko‘rgazma o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ikki tomonlama aloqalarni o‘rnatish, ishbilarmonlik portfelini yangi biznes loyihalar bilan boyitish hamda kooperatsiya aloqalarini o‘rnatishda, xalqaro taniqli brendlarni jalb qilish va soha eksportini yanada oshirishda samarali maydon sanaladi.

Unda Xitoy, Italiya, Turkiya, Eron, Rossiya, Belarus, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlarning ishlab chiqaruvchilari tomonidan charm-poyabzal sanoati uchun innovatsion texnologik yechimlar taklif etilmoqda.

Ta’kidlash joizki, 2017-2022 yillarda O‘zbekistonda 250 dan ortiq turdagi mahsulotlar, jumladan, xomashyo, butlovchi buyumlar va materiallar mahalliylashtirildi. Bu esa importni qisqartirish, charm-poyabzal mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish imkonini bermoqda.

16 xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etish maqsadida 300 ga yaqin mahalliy va 30 dan ortiq xorijiy davlat tashkilotlari va kompaniyalari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etyapti.

Ushbu namoyish nafaqat kompaniyalarning salohiyati, mahsulot assortimenti va sohadagi innovatsiyalar bilan tanishish imkoniyatini, balki, B2B va G2B, G2G formatdagi muzokaralar uchun samarali platformadir. Shuningdek, ko‘rgazma doirasida turli mamlakatlar bilan mahsulotlarni xorijga, xususan, Yevropaga yetkazib berishni ko‘paytirish, xalqaro brendlarni jalb qilish, ularning sifat sertifikatlarini joriy etish va kadrlar tayyorlash, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.  Mahalliy charm, poyabzal, attorlik, qorako‘l, jun va mo‘yna sanoatining eng faol takliflarini qamrab olgan ko‘rgazma 23 may kuni ham davom etadi.

Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev(video), O‘zA