O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida AQSH Davlat kotibining Fuqarolar xavfsizligi, demokratiya va inson huquqlari bo‘yicha o‘rinbosari Uzra Zeya boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Delegatsiya a’zolariga O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini, shu jumladan, gender tenglikni, fuqarolarning fikr va so‘z erkinligini ta’minlash, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, qiynoqlarning oldini olish hamda migratsiya  masalalarida amalga oshirilgan ishlar hamda islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev yurtimizda fuqarolarning huquqlarini kafolatli ta’minlash, inson qadr-qimmatini yanada yuksaltirishga e’tibor qaratilayotganini qayd etdi. Jumladan, xotin-qizlar, bolalar, mehnat migrantlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar bevosita inson huquqlarini ta’minlashga qaratilmoqda. Demokratik islohotlar izchil amalga oshirilmoqda hamda xalqaro hamkorlikka alohida mas’uliyat bilan yondashilayotir.

AQSH davlat kotibining o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiya a’zolariga mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash, qiynoq va boshqa tazyiqlar o‘tkazilishining oldini olish borasida ko‘rilayotgan choralar, inson huquqlarini samarali ro‘yobga chiqarilishiga xizmat qilishi haqida so‘zlab berildi.

Uchrashuvda Bosh prokuratura bilan AQSH Davlat departamenti o‘rtasida demokratik davlatning huquqiy asoslarini mustahkamlash, uni xalqaro andozalarga moslashtirish hamda inson huquqlari sohasida hamkorlikni tizimli asosda yanada faollashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

 

N.Abduraimova,

O‘zA