Moskva shahrida “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi statistikasini rivojlantirish” loyihasi doirasida statistika bo‘yicha talabalar xalqaro olimpiadasining ikkinchi kungi tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Unda MDHning yettita davlatidan ishtirok etayotgan 13 ta jamoa o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rmoqda.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jamoasi ilmiy rahbari Bunyod Utanovning Moskva shahridan xabar qilishicha, bugungi ilmiy tadqiqot natijalari bo‘yicha hisobotda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining har ikkala jamoasi ham faol ishtirok etib, o‘zlari tomonidan tayyorlangan ilmiy tadqiqot ishlarini munosib himoya qildi.

–Bizning jamoa tomonidan tayyorlangan tadqiqotda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy holati, ta’limga berilayotgan imkoniyatlar va ularning natijalari statistik tahlil qilindi. Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy holati statistik tahlilini amalga oshirishda ta’lim statistikasi ham muhim o‘rin egallaydi. Ta’limga berilayotgan imkoniyatlar hamda ta’lim tizimini yanada rivojlantirish uchun nazariya va amaliyotning integratsiyasini ta’minlash maqsadga muvofiq. Buning uchun ish beruvchi, xalqaro ta’lim  dasturlari asosida shakllangan fanlar muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni talablar asosida yurtimizda, xususan, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini qayta isloh qilish jarayonida ham juda katta amaliy ishlar qilinayotgani statistik ko‘rsatkichlar bilan namoyish etildi.

Yosh tadqiqotchilar mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ta’lim  sohasidagi nazariya va amaliyotning integratsiyasi juda katta omil bo‘lib xizmat qiladi, degan xulosaga keldi.

Eslatib o‘tamiz, 23 may kuni uch yo‘nalish bo‘yicha olimpiada g‘oliblari aniqlanadi.

 

N.Ziyodullayeva,

O‘zA