Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan jami 33 ming 942 ta bog‘chaning 27 ming 162 tasi nodavlat ta’lim tashkiloti hisoblanadi. Jumladan, 24 mingdan ortiq oilaviy shakldagi, 1400 ga yaqin davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan bog‘chalarda maktabgacha yoshdagi bolalar ta’lim-tarbiya olmoqda.

Biroq aholi murojaatlari, joylarda deputatlar tomonidan olib borilayotgan parlament nazorati tadbirlari, saylov okruglaridagi uchrashuvlar jarayonlarida mazkur ta’lim tashkilotlariga metodik yordam berish, sohaga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish, malakali pedagog kadrlarni jalb qilish borasida bir qator muammolar borligi kuzatilmoqda.

Masalan, davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilayotgan nodavlat ta’lim tashkilotlarining aksariyatida Mehnat kodeksining 122-moddasida belgilangan talab, ya’ni ish beruvchi va pedagog kadrlar o‘rtasida mehnat shartnomasini imzolamayotgan holatlar uchramoqda.

Bugungi kunda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 42 ming 313 nafar rahbar va pedagoglar faoliyat yuritayotgan bo‘lib, shundan 8 ming 327 nafarini oliy, 3 ming 304 nafarini tugallanmagan oliy, 30 ming 682 nafarini esa o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar tashkil etmoqda. Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan nodavlat hamda oilaviy bog‘chalarda esa 2 ming 984 nafar nomutaxassis kadrlar faoliyat yuritmoqda.

Ushbu muammolar maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi bilan birga, davlat-xususiy sheriklik asosidagi ta’lim tashkilotlari, oilaviy bog‘chalar uchun malakali pedagog kadrlar yetishmasligiga ham olib kelmoqda.

Shulardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat hamda oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarida mehnatga to‘lanadigan haqqa teng shartlarda va hajmlarda haq to‘lash, ushbu tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan nomutaxassis pedagog kadrlarni oliy ta’lim muassasalariga jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirishlar berish maqsadida Maktabgacha ta’lim agentligi direktori  A.Shinga parlament so‘rovi yuborildi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA