Prezident Shavkat Mirziyoyevga diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi.
Barcha fuqarolarning huquq va erkinliklarini har tomonlama himoya qilish ko‘p millatli O‘zbekistondagi yangilanishlarning asosiy ustuvor yo‘nalishidir. Shunday ajralmas huquqlardan biri – din erkinligidir. Mamlakatimizda e’tiqod qiluvchilar ibodat amallarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Yangi O‘zbekiston siyosati nafaqat xalqimiz orasida, balki xalqaro jamoatchilikda ham munosib e’tirofga sazovor bo‘lmoqda.
Mustaqillikning dastlabki yillarida Makkayu Madinada muqaddas Haj amalini ado etishga muyassar bo‘lgan vatandoshlarimiz soni barmoq bilan sanoqli bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 15 mingdan ziyod o‘zbekistonlik muqaddas ziyoratga bordi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqimizga Qurbon hayiti tabrigi, Musulmonlar idorasi raisi muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali suhbat qilib, hojilar holidan xabar olgani bu yilgi Haj mavsumining yorqin voqealaridan bo‘ldi.
Qisqa muddat ichida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha kompleks tizim yaratildi. Olimlarimizning boy merosini o‘rganish va ommalashtirish maqsadida ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat boshladi. Bunga misol sifatida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarini keltirish mumkin. Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida keng ko‘lamli yangilash va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Bugungi yig‘ilishda buyuk mutafakkirlarning asarlarini aholi, ayniqsa, yoshlarimiz orasida keng o‘rganish va targ‘ib qilish zarurligi alohida ta’kidlandi. Zero, bu asarlarda islomning asl mohiyati, muqaddas dinimizning insonparvar g‘oyalari mujassam. Bu, ayniqsa, hozirgi tahlikali davrda, dunyoda turli kuchlar din mohiyatini buzishga va yoshlarni haqiqiy yo‘ldan adashtirishga urinayotgan bir paytda juda dolzarb.
Bu jarayonda ayni kunlarda muqaddas Makkada Haj ibodatini ado etayotgan yurtdoshlarimizning ham katta o‘rni borligi ta’kidlandi. Yaqinda hojilar o‘z mahallalarida yosh avlod tarbiyasi va ma’naviy kamolotiga munosib hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini bildirib murojaat qabul qildilar.
Shuningdek, davlatimiz rahbari bu ishlarda xalqimiz va chet ellik mehmonlarni ajdodlarimizning bebaho merosi bilan keng tanishtirishga, ma’rifatli islom g‘oyalarini ilgari surishga xizmat qiladigan Islom sivilizatsiyasi markazi faol ishtirok etishi muhimligini ta’kidladi. Bugungi kunda tarixchi olim va ulamolar bilan birgalikda markaz faoliyatini yangi mazmun bilan boyitish ishlari olib borilmoqda.
Markazning kelgusidagi rejalari to‘g‘risida axborot berildi.