Joriy yilning 21 may kuni O‘zbekiston Respublikasining umumiy qiymati qariyb 1,5 milliard AQSH dollariga teng navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalari ilk bor 3 ta valyutada jahon moliya bozorlarida joylashtirildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, 17 may kuni AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlardan 76 nafar investor bilan videokonferensiya hamda 20–21 may kunlari 40 nafar yirik investor bilan yakkama-yakka formatda uchrashuvlar o‘tkazildi.

Uchrashuvlarda xalqaro investorlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida olib borilayotgan tarkibiy islohotlar va makroiqtisodiy holat yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Xalqaro investorlar tomonidan dunyoda davom etayotgan murakkab vaziyatga qaramay, O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlik saqlanayotgani, energiya tariflari, xususiylashtirish va boshqa tarkibiy islohotlarning amaliy jihatdan jadallashgani ijobiy baholandi.

Uchrashuvlardan so‘ng 21 may kuni 3 ta valyutada, jumladan, AQSH dollarida 7 yillik, yevroda Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish uchun 3 yillik hamda O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasida suveren xalqaro obligatsiyalarini joylashtirish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilinishi e’lon qilindi.

Kun davomida O‘zbekiston Respublikasining suveren xalqaro obligatsiyalarini sotib olish uchun jami 5,5 milliard dollar miqdoridagi buyurtmalar kelib tushdi.

Jumladan:

–AQSH dollaridagi (7 yillik) obligatsiyalarga – 3 mlrd. dollar;

–yevrodagi (3 yillik) obligatsiyalarga – 2 mlrd. yevro;

–so‘mdagi (3 yillik) obligatsiyalarga – 4 trln. so‘m.

Qabul qilib olingan buyurtmalar natijasida quyidagilarga erishildi:

–600 mln. dollar miqdoridagi 7 yillik obligatsiyalar bo‘yicha kupon stavkasi 6,9 foiz;.

–600 mln. yevro miqdoridagi 3 yillik obligatsiyalar bo‘yicha 5,375 foiz;

–3 trln. so‘m miqdoridagi 3 yillik obligatsiyalar bo‘yicha 16,625 foiz.

Ma’lumot o‘rnida, ichki moliya bozorlarida chiqarilgan 3 yillik davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha foiz stavkasi 17,9 foizni tashkil etmoqda.

Qayd etish lozimki, yevrodagi suveren xalqaro obligatsiyalar O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) moliyalashtirish uchun ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi BRM obligatsiyalari dasturi doirasida chiqarildi.

Mazkur dastur “Mablag‘larni taqsimlash” va “Loyihalarning O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga ta’siri” bo‘yicha hisobotlarini tayyorlash va e’lon qilishni ham ko‘zda tutadi.

Mazkur xalqaro obligatsiyalardan tushgan mablag‘lar Davlat byudjeti taqchilligini qoplash va Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

 

N.Ziyodullayeva tayyorladi,  

O‘zA