Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov boshchiligidagi delegatsiya London shahrida o‘tkazilayotgan “Jahon ta’lim forumi – 2024”da ishtirok etmoqda.

Tadbirda 100 dan ortiq davlatning ta’lim, texnologiya vazirlari hamda davlat va xususiy tashkilotlar rahbarlari va yirik texnologik kompaniyalar qatnashmoqda.

Londonda bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon ta’lim forumining bu yilgi asosiy mavzusi jadal rivojlanayotgan sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarning ta’lim tizimidagi roli va muhimligiga bag‘ishlandi.

Tadbir Buyuk Britaniyaning ta’lim vaziri Djillian Kigan tomonidan ochib berildi hamda spikerlar tomonidan ma’ruzalar tashkil etildi.

London safaridan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonning IT salohiyatini Britaniyaning nufuzli OTMlari va  IT kompaniyalariga namoyish etish, sohada amalga oshirilayotgan yangi loyihalar,  IT ta’limni rivojlantirish yo‘lidagi zamonaviy tendensiyalar bilan tanishtirishdan iborat.

Forumning birinchi kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda ta’limga yangi metodikalarni joriy etish, sun’iy intellektdan foydalanish, ta’lim madaniyatini yaratish kabi masalalar muhokama qilindi.

Tashrif davomida Buyuk Britaniyaning bir qator yetakchi IT kompaniyalari va IT ta’lim tashkilotlari bilan uchrashuvlar va muzokaralar olib borildi, hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

 

N.Rahmonova,

O‘zA