O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mazkur uyushma a’zosi, adib Mamadali Mahmudov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan xotira tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirga adabiyot muxlislari, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar taklif etildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo keyingi yillarda milliy adabiyotimizning barcha vakillariga hurmat va ehtirom ko‘rsatish masalasi ustuvor ahamiyayat kasb etayotgani, Mamadali Mahmudov millati, vatani uchun yozgan ijodkor ekanini ta’kidladi.

– Mamadali Mahmudov nihoyatda murakkab, hech qaysi  o‘zanga sig‘maydigan, o‘z e’tiqodiga umr bo‘yi sodiq qolgan ijodkor edi, – dedi O‘zbekiston Milliy Axborot agentligi –O‘zA Bosh direktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yoshlar murabbiysi  Abdusaid Ko‘chimov. –  Uning baxti ham, baxtsizligi ham shunda edi. Uning  “O‘lmas qoyalar” romanini yozgan paytda “bosmachi” degan odam tilidan osilar edi… Mamadali Mahmudov  yurt uchun jonini beradigan, millatparvar ijodkor edi.

Bugun adabiyotimiz, ma’naviyatimizni boyitadigan yoshlar ko‘p. Mamadali Mahmudov kabi ijodkorlarni topish, topgach esa asrab-avaylash  g‘oyat muhimdir. Yaqindagina Prezidentimiz Botir Zokirov haykalining ochilishi jarayonida millatimizni ulug‘lagan ijodkorlarni ulug‘lash kerak ekanini alohida ta’kidladi. Darhaqiqat, millatimiz uchun jonini beradigan ijodkorlarni avaylash, ulug‘lash burchimizdir.

–  Bu yurtdan  millatni ulug‘lovchi ijodkorlar chiqqan,– dedi adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Qozoqboy Yo‘ldoshev. –  Ana shunday ijodkorlardan biri Mamadali Mahmudov – Evril Turon edi. Uning taxallusida ham chuqur ma’no bor.    Ijodkor hurriyatga intilgan yurt Turon bo‘lishi kerakligini chin yurakdan istagan edi.O‘zbek xalqining nechog‘li yuksak ma’naviyatli, qudratli fazilatlarining butun ikir-chikirlari bilan “O‘lmas g‘oyalar” romanida bor bo‘yicha ochib bergan edi.

Mamadali Mahmudov idealist, romantik inson edi.  Xalqimizning yuksak millat ekanini ochib bergan,  o‘zbekning butun kuch-qudratini andishaga  qurbon qilgan millat ekanini ko‘rsatib bergan  ijodkor, oqni qoradan teran farqlay biladigan inson edi.   Bugun Evril Turonning xotirasini e’zozlab shunday tadbirlar o‘tkazilmoqda. Uning asarlarini o‘qish kitobxonni  millatparvar  adib ijodiga yanada  yaqinlashtiradi.

–  Mamadali Mahmudov “Oltin o‘lka” nomli katta esse yozgan ediki, u gazetamizning  oltita sonida ketma-ket e’lon qilib borildi, – dedi “Ishonch” va “Ishonch – Doveriye” gazetlari bosh muharriri, ustoz jurnalist Husan Ermatov. – Bu esse Vatanga, o‘z yurtiga qasida edi. Odamlarning orzu-umidlari, o‘y-xayollari unda o‘z aksni topgandi.  O‘ylaymanki, bu esse 3-4 kunda yozilgan emas. Bu asar Qoraqalpog‘istonda pishib kelgan edi. Unda O‘zbekistonning kelajagi uchun muhim takliflar bor edi. O‘ylaymanki, yoshlarimiz Mamadali Mahmudov asarlarini o‘qisa,  foydadan xoli bo‘lmaydi.

Mamadali Mahmudov 1940 yilda Jizzax viloyatining Forish tumanidagi Bog‘don qishlog‘ida tavallud topgan. Uning birinchi kitobi “Tog‘ ohusi” nomli ocherklar to‘plami 1974 yilda chop etilgan.  1975 yilda chop etilgan “Bog‘don qashqiri” qissasida yozuvchi birinchi marta bosmachilik harakati ishtirokchilarini milliy ozodlik harakati kurashchilari sifatida tasvirlagan.

Adibning 1981 yilda “Sharq yulduzi” jurnalida “O‘lmas qoyalar” romani qisman e’lon qilingan. Ushbu asar to‘laligicha, faqat mustaqillikdan so‘ng  1991 yili kitob holida chop etilgan.

1981 yilda ushbu roman Germaniyada, so‘ngra Turkiyada chop etilgan. 2008 yili fransuz tilida Parijda, 2013 yilda Londonda chop etilgan. Shuningdek, yozuvchi “Bo‘z bo‘ri”, “Oygul”, “Oy nuri”, “Qora do‘lana”, “Oq gul”, “Bog‘donim”, “Buloqlar”, “Oltin o‘lka”, “Xalq farzandi” kabi  to‘plamlar muallifidir.

Evril Turon Cho‘lpon nomidagi davlat mukofoti, “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi edi. Amerika Qo‘shma Shtatlarining “Helman” mukofotiga,  “Turon fanlar akademiyasi akademigi” unvoniga sazovor bo‘lgandi.

Uning asarlari asosida teatrlashtirilgan lavhalar  maktab o‘quvchilari tomonidan ijro etildi. San’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar kechaga yanada fayz bag‘ishladi.

 

Nazokat Usmonova, Rustam Nazarmatov (suratlar) , O‘zA