Birlik, hamjihatlik va mehr-oqibatda hikmat koʻp

Davlatning davlatligi, xalqning xalqligi qiyin paytlarda bilinadi. 
Afsuski, 2020-yil juda ogʻir keldi. Koronavirus balosi, u keltirgan ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz yetmaganidek, bir hafta ichida Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida tabiiy-texnogen ofatlar roʻy berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ikkala joyga ham zudlik bilan yetib borib, vaziyatni oʻz nazoratiga olgan edi. “Sabr qilib, ogʻirlikni yelkamizga olib, chidashimiz kerak. Bironta xonadon, bironta odam eʼtiborsiz qolmaydi”, degan edi Prezident oʻshanda.
Avvalo, eng katta ogʻirlikni davlatimiz rahbari oʻz zimmasiga oldi. Talafot oqibatlarini bartaraf etib, hayotni tiklash ishlariga bosh-qosh boʻldi. Bu esa jabrdiydalarga kuchli dalda va madad boʻlib, butun xalqimiz birlashdi. Kimdir mablagʻi, kimdir mehnati bilan yordamga keldi.
Sardoba suv ombori toʻgʻonining yorilishi oqibatida 2 ming 211 ta xonadon yaroqsiz va 2 ming 499 tasi taʼmirtalab holatga kelib qolgan edi. Davlatimiz rahbari oʻshanda bu ahvolni koʻrib, vayron boʻlgan mahallalarni nafaqat oldingi holatiga qaytarish, balki undan-da yaxshi qilish, hammaning havasi keladigan maskanga aylantirishga vaʼda bergan edi.
Shu maqsadda uchta hudud tanlanib, 50 gektar maydonda 86 ta 5 qavatli uy-joy barpo etildi. Xususan, Sardoba tumani “Doʻstlik” mahallasida 37 ta, Mirzaobod tumani “Haqiqat” mahallasida 40 ta hamda “Navbahor” mahallasida 9 ta uy-joy qurildi. Ularda jami 2 ming 640 xonadon bor.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida 13-oktyabr kuni yana Sirdaryo viloyatiga keldi. Davlatimiz rahbari dastlab Mirzaobod tumanidagi “Haqiqat” mahallasiga tashrif buyurdi.
– Suv toshqini juda katta talafot boʻldi. Ham fojia oqibatlarini bartaraf etish, ham qisqa muddatda odamlarni rozi qilishimiz kerak edi. Bunga uncha-muncha davlatning dosh berishi oʻzi boʻlmaydi. Har bir odam bilan gaplashdik. Vazirliklar, hududlarni jalb qilib, tezkor ish tashkil etildi. Sovuq kunlarga qoldirmasdan, oilalarni uy bilan taʼminlashga erishdik. Eng katta masala – odamlarning koʻnglidagi gʻashlik ketdi, ular rozi boʻldi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ilgari bu joylardagi koʻp uylarda tabiiy gaz yoʻq edi. Endi gaz, suv, elektr energiyasi va boshqa kommunikatsiyalar bilan taʼminlangan. Yana bir muhim tomoni – yangi uy egalarining avvalgi hovlilari ham oʻzlarida qoldi.
Davlatimiz rahbari oʻsha qiyin kunlarda butun xalqimiz jipslashib harakat qilganiga katta eʼtibor qaratdi.
– Butun mamlakatimizdan mutaxassislar keldi. Bu yerda Qoraqalpogʻiston va har bir viloyatning oʻz koʻchasi bor. Birlashsak, mehrli boʻlsak, koʻp ishlarni amalga oshirishimizga hamma inonadi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Koʻp qavatli uylar shinam, hovlilari obod. Bu mahalla Yangi Oʻzbekiston, deb nomlangan.
– Yangi Oʻzbekiston deyilganida ham maʼno bor. Agar xalqimizga maʼqul boʻlsa, bunday uylarni boshqa hududlarda, aholi zich shaharlarda ham quramiz. Har bir mavze yonida ish oʻrinlari ham tashkil etamiz. Umuman olganda, qurish va yashash madaniyatimiz oʻzgarishi kerak, – dedi Prezident.
Yangi mavzeda mahalla guzari, doʻkon, kutubxona, bolalar maydonchalari barpo etilgan. Uylarga xizmat koʻrsatuvchi servis kompaniyasi tashkil qilingan.
Turar joylarni ekspluatatsiya qilish tizimini samarali yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari shundan soʻng Oqoltin tumanidagi “Nurafshon orzu boʻstoni” fermer xoʻjaligi dalasida boʻlib, paxta hosilini koʻzdan kechirdi.
Bu gʻoʻzalarni yetishtirishning oʻzi boʻlgani yoʻq. Sardoba suv ombori toshqini qishloq xoʻjaligiga ham katta zarar yetkazgan edi. Xususan, Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridagi 20 ming gektarga yaqin ekin maydonini suv bosgandi.
Hosilni asrab qolish uchun koʻchma nasoslar yordamida suv qochirilib, yer kultivatsiya va chopiq qilindi. Imkonsiz joylarda paykallar buzilib, qaytadan boshqa ekinlar ekildi. Qiygʻos ochilgan paxta ana shunday mashaqqatli mehnat natijasidir.
“Nurafshon orzu boʻstoni” fermer xoʻjaligi “Oqoltin APK” paxta toʻqimachilik klasterining hamkori.
Shu yerda klasterlar rahbarlari va fermerlar bilan muloqot boʻldi. Paxtani qayta ishlab, xomashyoni tayyor mahsulotga aylantirib, qoʻshimcha qiymat yaratish muhimligi taʼkidlandi.
– Klaster va manfaatdorlik – Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligining kelajagi. Ilm-fan va innovatsiyalarni joriy etmay turib, bu sohani raqobatbardosh qilib boʻlmaydi, – dedi Prezident.
Mazkur klaster tomonidan 2021-2022-yillarda amalga oshiriladigan loyihalar haqida maʼlumot berildi. Xususan, Oqoltin tumanida yiliga 30 ming tonna chigitni qayta ishlash boʻyicha qiymati 4 million dollar hamda 50 ming tonna donni qayta ishlash boʻyicha qiymati 5,8 million dollar boʻlgan loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi “Yangi Toshkent” mahallasini borib koʻrdi. Bu yerda 130 ta kottej taʼmirlanib, kommunikatsiya tarmoqlari tiklangan. Yangi mahalla guzari, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, kutubxona, sport majmuasi, ichki yoʻllar qurilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish va obodonlashtirish ishlarini koʻzdan kechirdi. Aholi bilan suhbatlashdi.
– Bu yerga kelganimda vaziyat juda achinarli edi. Bu mening uyim, jigarlarim, farzandlarim, deb yuragimdan oʻtkazdim. Pul topish, tashkil qilish oson boʻlgani yoʻq. Xudoga shukr, hammasi ortda qoldi. Bu uylar sizlarga buyursin. Endi bu obodlikni asrab, yaxshi yashab, yaxshi toʻylar qilinglar. Oʻzi mening eng katta maqsadim – yoshlarni baxtli koʻrish, – dedi davlatimiz rahbari.
Mahallada “Nafis liboslar” tikuvchilik korxonasi ham tashkil etildi. Unda 50 nafardan ziyod xotin-qiz ish boshladi. Prezidentimiz ular bilan suhbatlashdi.
– Xotin-qizlarga eʼtiborni yana-da kuchaytiramiz. Ayolni rozi qilolsak, jamiyatimiz fayzli boʻladi, hamma rejalarimizni amalga oshira olamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Korxona kelgusi yili toʻliq quvvatga chiqqach, yiliga 500 ming dona mahsulot ishlab chiqariladi. Ularning bir qismini eksport qilish rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari oilaviy poliklinikaga kirib, sogʻliqni saqlash xodimlari bilan suhbatlashdi. Tibbiyot bilan sport hamohangligini kuchaytirib, odamlarni sogʻlom turmush tarziga odatlantirish, aholining umrini uzaytirish masalalari yuzasidan soʻz yuritildi.
– Koʻp yurish bilan toʻgʻri ovqatlanish madaniyatini yoʻlga qoʻyib olsak, tibbiyotdagi 30-40 foiz masalani hal qilgan boʻlamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu boradagi targʻibotni kengaytirish, ragʻbatlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sardoba tumanidagi “Sardoba Oqsaroy tekstil” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
“Oqsaroy klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyat tarkibidagi mazkur korxona yiliga 3,5 million dollarlik tayyor mato va kiyimlar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarni 100 foiz eksport qilish moʻljallangan. Turkiyadan zamonaviy tikuv mashinalari va energiyatejamkor sovutish tizimi keltirib oʻrnatilgan. Loyihaning birinchi bosqichida 500 ta ish oʻrni yaratilgan.
Davlatimiz rahbari bu yerda faoliyat boshlagan xotin-qizlarni yangi uy va ish joylari bilan tabrikladi.
– Fojia yuz bergan kunlari baʼzi odamlarda ertangi kunga ishonch yoʻqolib qolgan edi. Bugun sizlarning koʻzingizda ishonch uchqunlarini koʻrib turganimdan xursandman. Ayollar ishlasa, kayfiyati yaxshi boʻladi. Ayolning kayfiyati yaxshi boʻlsa, farzandlarining kayfiyati, tarbiyasi yaxshi boʻladi, oilada, jamiyatda muhit oʻzgaradi. Shuning uchun xotin-qizlarga ish oʻrinlarini koʻpaytirishga harakat qilyapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, yengil sanoatda qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish boʻyicha loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbari 15-may kuni Sardoba tumanida boʻlganida “Doʻstlik” mahallasida yangi uylar qurilishiga tamal toshi qoʻygan edi. Qisqa vaqtda bu yerda 1 ming 480 xonadonli 37 ta turar joy qurib bitkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu galgi tashrifi chogʻida mazkur zamonaviy mavzeni koʻzdan kechirdi.
Uylar besh qavatli boʻlib, ikki va uch xonali kvartiralardan iborat. Turar joylarni qurishda energiyatejamkor materiallardan foydalanilgan. Yangi mavzeda barcha kommunikatsiya tarmoqlari mavjud. Mahalla guzari, bolalar maydonchalari qurilib, hudud obodonlashtirilgan.
Xonadonlar tayyor holda, toshqindan jabrlangan oilalarga bepul topshiriladi. Oldin mazkur mahallada yashagan Baxtiyor va Qimmatxon Mirzayevlar oilasiga ham uch xonali kvartira ajratilgan.Davlatimiz rahbari ushbu xonadonga kirib, sharoitlarni koʻzdan kechirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Doʻstlik” mahallasida sirdaryolik faollar, suv toshqinidan jabrlangan odamlar bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida viloyat ahli bilan shunday obodlikda, yorugʻ yuz bilan koʻrishib turganidan xursandligini bildirdi.
– Oxirgi besh oyda hammamiz sinovdan oʻtdik. Hamjihat boʻlib, matonat, mehnat bilan sharoitni tikladik, yangi uylar, yoʻllar qurildi. Bugun bu ishlarni koʻrib, albatta xursand boʻldim. Lekin menga eng katta kuch, quvonch bergan narsa odamlarning kayfiyati boʻldi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Sardoba suv ombori toʻgʻoni uy-joylar, ijtimoiy obyektlar va qishloq xoʻjaligi maydonlariga katta zarar yetkazgan edi. Hukumat komissiyasi tuzilib, uning oqibatlarini bartaraf etishga barcha kuch va vositalar jalb qilindi. Suv bosgan mahallalar aholisi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilinib, boshpana va oziq-ovqat bilan taʼminlandi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Mudofaa vazirligi, huquq-tartibot idoralari, qurilish-taʼmirlash tashkilotlari va mahalliy hokimliklar oʻzaro muvofiq harakat qilib, turmush sharoitlari qisqa muddatda tiklandi.
Uchta yangi mavze barpo etildi. Bogʻcha va maktablar, kollejlar va sogʻliqni saqlash muassasalarida qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi. Suv bosgan hududlar bugun avvalgidan-da yaxshilanib, yangi qiyofaga ega boʻldi.
– Xalqimiz roziligini birinchi kundan asosiy maqsadimiz, shiorimiz etib tanlaganmiz. Qiyin, lekin shuning uchun ishlayapmiz. Sirdaryodagi qurilishlar, oʻzgarishlar shu bilan cheklanib qolmaydi, yana davom etadi. Buning uchun katta marralar belgilaganmiz, – dedi Prezident.
Uchrashuvda suv toshqinidan jabr koʻrgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlari aholisining yashash sharoitlarini yaxshilash, uy-joylar qurish va taʼmirlash, aholi salomatligini himoya qilish, infratuzilma obyektlarini tiklash, yangi ish joylari yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida aytib oʻtildi. Mutasaddi vazirliklar viloyat faollariga bu borada bajarilgan ishlar va rejalashtirilgan loyihalar haqida taqdimot qildi.
Uchrashuvda soʻzga chiqqanlar yurtimizda bironta insonni, bironta ham oilani har qanday falokat va muammo qarshisida yolgʻiz qoldirmaymiz, barcha zarur yordamni albatta koʻrsatamiz, degan xolis, pok va ezgu niyat bilan ish olib borilgani, buning samarasida koʻzlagan marralarga erishilgani taʼkidlandi. Xususan, Prezidentimiz shaxsan bosh-qosh boʻlib, uy-joysiz qolgan odamlarni yogʻin-sochinli kunlarga qoldirmasdan, boshpana bilan taʼminlash uchun katta ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.
Pandemiya sharoitiga qaramasdan, bugun Sirdaryo viloyatida amalga oshirilgan beqiyos bunyodkorlik ishlari, xalqimizning yaratuvchanlik ruhi, bizning ulugʻ qudratimizni, nimalarga qodir ekanimizni yana bir bor namoyon etdi. Bu sirdaryoliklar ruhini cheksiz shod etib, ertangi kunga, xalqimiz farovonligiga qaratilgan islohotlarga ishonchini mustahkamladi.
Shu bilan davlatimiz rahbarining Sirdaryo viloyatiga safari yakunlandi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Abdulaziz MUSAYEV,
Matnazar ELMURODOV,
OʻzA muxbirlari