Intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish masalalari muhokama qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-oktyabr kuni intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish, bu sohadagi yutuqlarni yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotga aylantirishda intellektual mulkning ishonchli himoyasini taʼminlash juda muhim. Dunyoda tovarlarning brend qiymati yuqori hisoblanadi. Intellektual mulk Yevropada yalpi ichki mahsulotning 45 foizini, Xitoyda 12, Rossiyada 7 foizni tashkil etadi.

Afsuski, mamlakatimiz bu borada dunyo bozoridan uzoqlashib ketdi. Na tegishli idoralar va na hudud rahbarlari intellektual mulk masalasiga eʼtibor berdi. Shu sababli ixtirochi olim va ijodkorlarimiz xorijga chiqib ketdi. Ilmiy institutlarimiz innovatsiyalar, tarmoqlar esa xaridorgir ishlanma va brendlar yarata olgani yoʻq.

Boʻlgan taqdirda ham aksariyat ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari boʻyicha murojaatlar ilmiy ishni tezroq roʻyxatdan oʻtkazib olish maqsadida qilinmoqda. Bu boradagi talablar ham eskirib qolgan.

Yigʻilishda sohaga oid qonunchilikni takomillashtirib, intellektual mulk himoyasini kuchaytirish, har bir idora va tarmoqqa ilmiy yutuqlarni olib kirish masalalari muhokama qilindi.

Adliya vazirligi va Intellektual mulk agentligiga barcha idoralar va hududlar, oliy oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan keng muhokama qilib, sohani rivojlantirishga qaratilgan uch yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Intellektual mulk yaratuvchilarini ragʻbatlantirish, patent egalarini mukofotlash kabi imtiyozlar tizimini joriy qilish zarurligi taʼkidlandi.

Mamlakatimizda yiliga 4 ming 500 atrofida intellektual mulk obyekti, jumladan, 2 mingdan ziyod tovar belgilari roʻyxatdan oʻtadi. Misol uchun, Navoiy kon-metallurgiya kombinati soʻnggi oʻn yilda 35 ta ixtironi roʻyxatdan oʻtkazib, ularning 16 tasidan 400 milliard soʻmdan ortiq iqtisodiy samara koʻrgan. Bu ishlanmalarni boshqa davlatlarning oltin qazish korxonalariga sotish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.

Lekin bunday ixtirolar xorijda roʻyxatdan oʻtkazib kelinmoqda. Chunki yurtimizda qiymatni baholash tizimi amalda ishlamayapti. Buning oqibatida koʻplab ishlanmalar tijoratlashtirilmay qolib ketmoqda.

Shu bois Butunjahon intellektual mulk tashkiloti mutaxassislari bilan baholovchilar tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi.

Kelgusi yil birinchi chorakda sanoat mulki patentlari platformasini yaratib, unga sanoat tarmoqlaridagi intellektual mulk obyektlarini joylashtirib borish, viloyatlardagi korxonalar va oliy oʻquv yurtlarining intellektual mulk obyektlari bazasini yaratish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Oʻtgan yili 400 ga yaqin ixtiro, 110 ta foydali model, 170 ta sanoat namunasi, 36 ta seleksiya yutugʻi roʻyxatga olingan boʻlsada, atigi 43 ta ilmiy ishlanma tijoratlashtirilgan xolos. Shu bois bunday ilmiy yutuqlarning “elektron yarmarkasi”ni tashkil etish lozimligi taʼkidlandi.

– Patent egalarini tadbirkorlar bilan bogʻlash kerak, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari mahalliy tovar belgilarini xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.

Bugungi kunda mamlakatimiz sanoatining bor-yoʻgʻi 72 ta tovar belgisi xalqaro roʻyxatdan oʻtkazilgan. Lekin bu juda kam. Aslida esa imkoniyatlar talaygina.

Masalan, Chust pichogʻi, Samarqand noni, Margʻilon adrasi, Sherobod anori, Oltiariq va Parkent uzumi, Xorazm qovuni, Surxondaryo xurmosi kabi mashhur brendlarni hududiy mansubligi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazib, xalqaro bozorda faol targʻib qilish mumkin.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga mahalliy brendlarning xalqaro roʻyxatdan oʻtishini koʻpaytirish, ularning xalqaro bozorga chiqishini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yuridik universitet hamda joylardagi huquqshunoslik fakultetlarida tadbirkorlar uchun intellektual mulkni yaratish va himoya qilish boʻyicha oʻquvlar tashkil etilishi belgilandi.

Tadbirkorlar mahsulotlarini brendga aylantirish dasturi va elektron maydonchasini ishlab chiqib, hududlarda brendlar yarmarkasi oʻtkazish zarurligi qayd etildi.

– Jahon bozoriga chiqayotgan mahsulotlarimizda Oʻzbekiston ovozi jaranglashi kerak, brendi boʻlsagina mahsulotlarimiz tashqi bozorlarda mustahkam oʻrin egallay oladi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Ayrim tadbirkorlar xalqaro brendlar bilan bir xil nomni roʻyxatdan oʻtkazib olgani sababli xorijiy investitsiya kelishiga toʻsiq boʻlayotgani koʻrsatib oʻtilib, bunday holatlarni tartibga solish yuzasidan koʻrsatma berildi.

Yana bir muammo – yurtimizda sanʼat va adabiyot asarlaridan muallifning roziligisiz foydalanish, undan daromad olish holatlari keng tarqalgan.

Misol uchun, Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtib, oylik toʻlov undiradigan onlayn kinoteatrlarda 30 mingdan ortiq kino, serial, qoʻshiq, multfilmlar joylashtirilgan boʻlishiga qaramasdan, bundan mualliflar moddiy manfaat koʻrmaydi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Intellektual mulk agentligiga mamlakatimizda roʻyxatga olingan koʻngilochar saytlar, radio va telekanallarni oʻrganib, mualliflar manfaatlarini taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

– Intellektual mulk himoyasini mustahkamlay olsak, bu ham uchinchi Renessansga ishonchli poydevor boʻladi, – dedi Prezident.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlar axborot berdi.

 

O’zA