Oʻzbekiston xalq artisti va koʻplab mukofotlar sohibi Otajon Xudoyshukurov oʻzining odamiyligi va kamtarligi bilan sanʼat ahli orasida ajralib turar edi.
Sanʼatkor haqidagi esdaliklarda u ashula aytishni amakisi Y.Olloshukurovdan oʻrgangani, soʻngra Qoraqalpoq davlat filarmoniyasidagi ustozlaridan saboq olib, sanʼat olamiga kirib kelgani aytiladi. Yuzlab qoʻshiqlarni maromiga yetkazib ijro etgan, 300 dan ortiq qoʻshiqlarni bastalagan O.Xudoyshukurov oʻzbek musiqa va ashula tarixida oʻchmas iz qoldirgan. Minglab shogirdlarni sanʼatning muhtasham olamiga yetaklab, yoshlardan oʻzining beminnat saboqlarini ayamagan. Quyida Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, “Doʻstlik” ordeni sohibi, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi professori Matrasul Matyoqubov ustoz haqidagi xotiralarini shunday eslaydi.
– 1980-yil Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Rahmatjon Qurbonov bilan toʻyga – Toshkent shahriga xizmatga bordik. Ustoz Otajon Xudoyshukurov bilan ilk uchrashuvim, ustoz Otajon aka “Rahmatjon, shu qoʻshnaychi meni yonimda ham chalib bersin” dedilar menga ishora qilib. Oʻsha vaqtlar yosh edik, hayajonim ichimga sigʻmasdi. Xuddi katta-katta arenalarda soz chalayotgan sozanda kabi ishga kirishganman. Shu kundan boshlab ustoz menga mehr qoʻydi, doimo yonlarida olib yuradigan boʻldi.
Ustozni havas qiladigan odatlari bor edi. Ijodga ixlosi bor yigit-qizlarga qanaqa yordam kerak boʻlsa berardi. Yosh sanʼatkorlarga moddiy yordam koʻrsatib, mehr va saxovatini ayamasdi. Hoyu havas, oʻtkinchi hislarga berilmadi. Iymoni va eʼtiqodi but inson edi.
Ustoz bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston, Qoraqalpogʻiston, Turkmaniston, Boshqirdiston xalq artisti va davlat mukofotlari sohibi edi. Zukko va donoligi alohida fazilat edi. Barchaga dasturxoni birdek ochiq boʻlardi. Biz shogirdlar ham ustozning uyida yigʻilishni xush koʻrardik.
Ustozning bebaho purmaʼno oʻgitlari bor edi. Oʻzi koʻp kitob oʻqigani uchun bilmagan narsasi yoʻq edi. Shogirdlarga ham ustozdan olgan saboqlarimizni yetkazib charchamayapmiz. Hayot chorrahalarida O.Xudoyshukurovdek buyuk insonga duch kelganimdan benihoya xursandman.
D.MAMATOVA, OʻzA