MUALLIM...

Sheʼriy lahza 
Muallim, ustozim, noni halolim,
Kamtar tabassuming oʻzi bir bayot.
Sening mehring porlab turmaganda gar,
Mayoqsiz kemaday qolardi hayot.
Minnatli dunyoda beminnat jonsan,
Kuz kabi saxosan – tuganmas shonsan.
Jajji barmoqlarim ketar jimirlab,
Harflar toshganda katakchalardan.
Hayotimga koʻchar qoʻlingning tafti
Hayrat unib chiqar yurakchalardan.
“Birovning bolasi” demagan sensan,
Maʼrifat maʼdanin ulashgan konsan.
Maktab partasidan quyoshgacha to,
Xaritasin chizgan oʻzingsan, beshak.
Bir harf oʻrgatmoqning zahmatin koʻrsa,
Senga farishtalar roz aytsa kerak.
Mehnati koʻrinmas, toza imonsan,
Tafakkur toqiga eltar narvonsan.
Shamolli kechada chiroq koʻtarib,
Halovatin berib yomgʻir-qorlarga.
Men koʻrdim – sen goho mayus-u dilgir,
Dars jadvali tuzding paxtazorlarda.
Hosili qirq yilda pishgan dehqonsan,
Zahmati bir onda unut insonsan.
Anglasa, savodxon boʻlgaydir dunyo,
Navoiyning ulugʻ sadolaridan.
Jaholat lashkari qaytib ketadi,
Oddiy muallimning duolaridan.
Temurni jahonga bergan jahonsan,
Pirdirsan, ustozsan, koʻksi osmonsan.
Ustoz, senga taʼzim, qoʻlimdan tutib,
Oʻzbek deb yozishni oʻrgatding menga.
Dunyo etagiga namoz oʻqigan
Hazrat Buxoriy ham shogirddir senga.
Shunday sharaf bilan turgan insonsan,
Igna bilan quduq qazigan jonsan!
Muallim, ustozim, noni halolim…
Shodmonqul SALOM

 

O’zA