Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazmoqda.
Davlatimiz rahbari tadbir boshida koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyatga toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, oxirgi bir oyda barcha hududlarda davolash oʻrinlari va nafas berish apparatlari soni bir necha barobar koʻpaytirilgani, muolaja qilish usullari yangilangani hamda tez tibbiy yordam xizmati kuchaytirilgani qayd etildi. Bularning natijasida mamlakatimiz boʻyicha koronavirusdan sogʻayish koʻrsatkichi 59 foizdan 77 foizga yetdi. Virus yuqtirganlar soni 32 mingdan oshgan boʻlsa-da, ularning 25 mingdan ziyodi sogʻaygan, 7 ming bemor davolanmoqda.
– Har bir fuqaromiz sogʻligʻi va hayoti uchun kurashni yana-da kuchaytirgan holda, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarning barqaror ishlashini taʼminlash, aholining yashash sharoitini yengillashtirish maqsadida karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish zarur. Xalqimizning oʻzi shuni iltimos qilmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuni hisobga olib, 15-avgustdan avtotransport vositalarining kun davomida yurishi, mahalliy avia va temir yoʻl qatnovi uchun ruxsat berish kerakligi aytildi. Sanatoriylar, mehmonxonalar, muzeylar, bolalar oromgohlari, dala hovlilar ijarasi, goʻzallik salonlari, sartaroshxonalar, ochiq havoda xizmat koʻrsatadigan umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyati ham tiklanadi. Belgilangan talablarga amal qilgan holda uyda 30 kishilik oilaviy marosimlar oʻtkazish mumkin boʻladi.
17-avgustdan hududlar oʻrtasida avtotransport qatnovi, jamoat transporti (metropolitendan tashqari) va shahar atrofidagi avtobuslar qatnovi tiklanishi belgilandi.
20-avgustdan buyum va qurilish mahsulotlari bozorlari, yirik savdo doʻkonlari, sport zallari, fitnes klub va basseynlar ishlay boshlaydi.
Respublika maxsus komissiyasiga har bir faoliyat turi boʻyicha qanday sanitariya talablariga amal qilish zarurligini aniq belgilash vazifasi qoʻyildi. Epidemiologik vaziyat yaxshi boʻlgan davlatlardan kelgan shaxslarni karantiniga olish va undan chiqarish tartibini yengillashtirish, pnevmoniyadan tuzalgan aholini reabilitatsiya qilish markazlarini tashkil etish boʻyicha topshiriq berildi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga kollektiv immunitet shakllanish jarayonini monitoring qilib borish uchun antitanachalar tahlilini oʻtkazishni yoʻlga qoʻyish kerakligi taʼkidlandi.
Televideniye va radioda madaniy-maʼrifiy, koʻngilochar koʻrsatuv va eshittirishlarni koʻpaytirish, ijtimoiy masofani saqlagan holda teatr, kino, konsert va boshqa tadbirlarni tashkil etish masalasiga ham eʼtibor qaratildi.
– Karantin talablari yumshatilayotgan boʻlsa-da, barchamiz ijtimoiy masofani saqlash, niqob taqish, dezinfeksiya va boshqa sanitariya-gigiyena talablariga soʻzsiz amal qilishimiz, ilgari yoʻl qoʻygan xatolarni takrorlamasligimiz kerak. Xudoga shukur, hammamiz ham yetarli tajriba orttirdik. Koʻpni koʻrgan xalqimiz juda katta matonat va qahramonlik, tibbiy madaniyatini namoyon qilyapti. Temir intizom, qattiq chidam va sabr-toqat bilan biz albatta bu sinovlarni tez orada yengib oʻtamiz. Men bunga qatʼiy ishonaman, – deya taʼkidladi Prezident.