my2.gov.uz manzilida ishga tushirilgan yangi talqindagi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida Davlat soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda tatbiq qilingan interaktiv xizmatlar zarur hujjat va ma’lumotlarni tez va oson usulda olish, soliq xizmatlaridan masofadan turib samarali foydalanish imkonini beradi. Quyida ana shunday xizmat turlari bilan sizni tanishtiramiz.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari haqida ma’lumot olish

Mazkur xizmat soliq to‘lovchiga o‘zi shartnoma tuzayotgan, mahsulotlarini realizatsiya qiluvchi korxona to‘g‘risida QQS to‘lovchisi yoki to‘lovchisi emasligi to‘g‘risida ma’lumot beruvchi hisob varaq-fakturalarda QQS ning asossiz ko‘rsatilishi bilan bog‘liq holatlarini oldini olish uchun taqdim etiladi.

Xizmatdan foydalanish uchun tashkilotning faoliyat boshlagan yili hamda STIR raqami kerak bo‘ladi.

Yuridik shaxslar uchun soliq imtiyozlari

Yuridik shaxslarning faoliyati yuzasidan amalda mavjud imtiyozlar, uni tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlar va ularning muddatlari to‘g‘risida ma’lumot olish mumkin. Ma’lumotlar doimiy yangilanib boriladi.

Yuridik shaxslar uchun soliq va boshqa majburiy to‘lovlar to‘g‘risida ma’lumot 

Soliq to‘lovchi yuridik shaxslarga soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha mavjud shaxsiy kartochkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Davlat soliq qo‘mitasining axborot resurslaridan ko‘rish imkoniyati yaratilgan.

Soliq to‘lovchining xohishiga ko‘ra, unga yil boshidan hisoblangan, to‘langan summalar, soliq qarzi, ortiqcha to‘lov, penyalar hamda byudjet va byudjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalar bilan hisob-kitoblar to‘g‘risidagi boshqa ma’lumotlar taqdim etiladi. Mavjud shaxsiy kartochkalardan ko‘chirmalarni tanlangan yil bo‘yicha shakllantirish mumkin.

Natijada soliq to‘lovchi tomonidan soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq bajarish ustidan nazorat olib borish imkoniyatlaridan foydalanish mumkin.