AQSHda politsiyachilar rossiyalik jurnalistlarga hujum qildi

AQSHning Portlend shahrida politsiyachilar ommaviy norozilik chiqishlarini yoritayotgan rossiyalik jurnalistlarga hujum qildi, deb xabar berdi RIA Novosti muxbiri.

Xabarda aytilishicha, ommaviy axborot vositalari xodimlari mahalliy sud binosini oʻrab olgan va tartibsizliklarda ishtirok etgan aholi vakillarini suratga olayotgan boʻlgan. Binoga federal huquqni himoya qilish kuchlari joylashtirilgan edi.

Birinchi kanal operatori Vyacheslav Arxipov norozilik ishtirokchilari sud binosini yoqishga urinayotganini suratga olayotgan boʻlgan. Shu payt politsiyachilar ularni kaltaklagan, kameralarini tortib olgan va asfaltga urib sindirgan. Jurnalistning oʻzini yerga yiqitgan. Hamkasbining telefonini tortib olgan. Jurnalist qiz koʻzdan yosh oqizuvchi gazdan zararlangan, unga mahalliy koʻngilli shifokorlar yordam koʻrsatgan.

Aytilishicha, ikkala jurnalistda ham beyjik boʻlgan, shunga qaramay politsiyachilar ularga hujum qilgan.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Portlend voqeasidan keyin AQSHning tegishli organlarini matbuot vakillariga xalqaro majburiyatlarga mos munosabatda boʻlishga chaqirdi. Uning taʼkidlashicha, “AQSH politsiyasining rossiyalik jurnalistlarga kuch ishlatishi birinchi marta emas”.

“Ushbu voqea munosabati bilan faoliyati jurnalistlarning huquqi va erkinligini himoya qilishga qaratilgan xalqaro tashkilotlarga yana bir bor murojaat qilishimizga toʻgʻri keladi”, – degan Mariya Zaxarova.

Rossiya jurnalistlar uyushmasi ham jabr koʻrgan jurnalistlarga yordam berishga tayyor ekanini maʼlum qildi.

May oyida ham rossiyalik jurnalistlar bilan xuddi shunday voqea yuz bergan edi. Oʻshanda RIA Novosti muxbiri Mixail Turgiyev Minneapolisdagi noroziliklarni yoritayotganda jurnalistlik guvohnomasini koʻrsatishiga qaramay yuziga qalampirli suv sepib yuborgan edi.

 

OʻzA