Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida 8 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda boshqarma boshlig‘i Islambek Arziyev yig‘ilganlarni kasb bayrami bilan muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda sud va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, sud-huquq tizimi tubdan takomillashmoqda.
Bularning barchasi, inson qadrini yuksaltirish, xalqimizning farovon, tinch va erkin hayotini ta’minlash, shu bilan birga, mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan muvaffaqiyatli ishlar bo‘lib, bugungi kunda prokuratura organlari aybdorlarni jazolaydigan emas, balki tizimli muammo va kamchiliklarni aniqlab, ularni bartaraf etishga yordam berish orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri xalqimizga xizmat qiladigan organga aylandi.
Sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi organlari o‘z faoliyatida birinchi navbatda fuqarolarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga e’tibor qaratmoqda. Buning yaqqol dalili davlatimiz rahbari tomonidan 2024 yil 3 yanvarda qabul qilingan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini isloh etish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bo‘ldi. Mazkur farmon bilan fuqarolardan qarzlari uchun undirishga qaratilishi mumkin bo‘lmagan eng kam kafolatli daromad belgilab berildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan Mahallabay ishlash natijasida o‘tgan 2024 yilda Byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan jami 3 trillion 584 milliard so‘mlik 278 ming 956 ijro hujjatining topshirilishi ta’minlanib, amalda 1 trillion 638 milliard so‘m undirildi. Ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan oilalarga, ya’ni barcha turdagi daftarlarga jami 57 milliard 686 so‘m yo‘naltirilishi ta’minlandi.
Bunday natijalarga erishishda Byuro organlarida xizmat qilayotgan har bir xodimning qisqa davr ichida orttirgan boy tajribasi, kasbga sadoqati va o‘ta yuksak mas’uliyat bilan o‘z vazifalarini bajarishi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tadbirda bayram munosabati bilan bir guruh xodimlarga Bosh prokurorning faxriy yorlig‘i, tashakkurnoma hamda pul mukofoti topshirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri