Toshkentning “Tashkent Select” xokkey klubi Qozog‘iston yoshlar chempionatining navbatdagi o‘yinida “Kulager” yoshlari bilan kuch sinashdi.
7 yanvar kuni o‘tkazilgan ilk o‘yinda qozog‘istonliklar 6:4 hisobida zafar quchgan edi. O‘sha bahsda vakillarimizdan Timur Tillaxo‘jayev, Bogdan Gayniaxmetov, Erik Gayniaxmetov va Ilsur Umerov shaybalarga mualliflik qildi.
Javob uchrashuvi esa 5:4 hisobida “Tashkent Select”ning g‘alabasi bilan yakunlandi.
Hozirda “Tashkent Select” jamoasi Qozog‘iston yoshlar chempionatining 34 o‘yini yakuniga ko‘ra, 12 ochko bilan 11-o‘rinda bormoqda.
Toshkent xokkey jamoasi keyingi o‘yinlarni 11-12 yanvar kunlari poytaxtimizda o‘tkazadi. Hamyurtlarimiz Qozog‘istonning “Gornyak” yoshlar jamoasi bilan ro‘baro‘ keladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA