O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Internet jahon tarmog‘idagi diniy ekstremistik, terroristik va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, deb topilgan hamda O‘zbekiston Respublikasining hududiga olib kirish, tayyorlash, saqlash, tarqatish va namoyish etilishi taqiqlangan manba va kontentlar (materiallar) ro‘yxati haqida xabar berdi.
Aytib o‘tish kerakki, davlatimiz rahbarining 2019 yil 4 sentyabrdagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 8-bandida Oliy sud o‘zining rasmiy veb-saytlari va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali sud tomonidan ekstremistik yoki terroristik, deb topilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyati taqiqlangan tashkilotlar, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlar ro‘yxatini e’lon qilib, uning doimiy ravishda yangilab borilishini ta’minlashi alohida qayd etilgan.
– Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini izchil ta’minlash maqsadida Oliy sud tomonidan mamlakatimiz hududiga olib kirish, tayyorlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlangan manba va kontentlar (materiallar) ro‘yxati Oliy sudning rasmiy veb-saytidagi “Ochiq ma’lumotlar” ruknida (https://sud.uz/wp-content/uploads/2025/01/taqiq.pdf) joylashtirilgan, – dedi Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov. – Mazkur ma’lumotlar muntazam ravishda yangilanib boriladi. E’lon qilingan taqiqlangan manbalar 1,5 mingga yaqin bo‘lib, 203 tasi “Meta” (Facebook), 703 tasi “Telegram” da faoliyat yuritadi.
Bunday manbalar nima uchun xavfli?
Asosan din niqobiga o‘ralgan manbalarda e’lon qilinayotgan materiallar soxta g‘oyalarni asl diniy qadriyatlar sifatida talqin qilish va aholi orasida nosog‘lom aqidalarni targ‘ib etish, zimdan ekstremizm va terrorizm singari buzg‘unchi g‘oyalarni odamlar ongiga singdirishga qaratilgan.
Bu esa hayotiy tajribasi va diniy bilimlari yetarli bo‘lmagan yoshlarga ta’sir o‘tkazib, ularning ongida yovuzlik, qo‘poruvchilik singari illatlarni shakllantirishi hech gap emas. Bunday ta’sirga tushgan kishilar esa “jihod” niqobi ostida qanday buzg‘unchiliklarni amalga oshirayotgani esa hech kimga sir emas.
Bunday buzg‘unchilik va vayronakorlikni targ‘ib qiluvchi manba va materiallarni sud tartibida taqiqlash amaliyoti xorijiy davlatlarda ham keng qo‘llaniladi.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 apreldagi “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish hamda dinshunoslik ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga ko‘ra, har qanday diniy mazmundagi materiallar dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazilishi va ekspertizaning ijobiy xulosasi ularning O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlanishi, olib kirilishi va tarqatilishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Diniy aqidaparastlik, ekstremistik va terroristik mazmundagi materiallar joylashtirilgan internet nashrlar, kanallar, sahifalar, profillarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qo‘yish yuzasidan mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan mexanizm asosida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Biroq, bu chora-tadbirlarga qaramay, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish bilan bog‘liq qilmishlarni sodir etish holatlari hamon uchrab turadi.
Holbuki, bunday jinoiy qilmishlarga nisbatan amaldagi qonunchiligimizda qat’iy javobgarlik belgilab qo‘yilgan. Qilmish og‘irligi darajasiga qarab beriladigan jazo ham og‘irlashib boradi. Bunday qilmish uchun ozodlikdan mahrum etish qonunchilikda nazarda tutilgan.
Oliy sud aholiga murojaat qilib, diniy aqidaparastlik, ekstremizm va terrorizm tuzog‘iga tushib qolishdan saqlanish, sud tomonidan taqiqlangan internet manbalardan yiroq bo‘lishga chaqirdi.
Xulosa qilib aytganda, dunyoda kechayotgan notinchliklar, urushlardan to‘g‘ri xulosa chiqarish, ogoh bo‘lish bilan yurtimizdagi tinchlikni asrashga har birimiz mas’ulmiz.
Norgul Abduraimova,
O‘zA