Xabaringiz bor, dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 2025 yilgi nufuzli musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Avstriyaning Mitterzil shahrida tashkil etilgan xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etmoqda.
Joriy yilning 17 yanvar kuniga qadar davom etadigan mazkur yig‘inda dunyoning 60 dan ziyod davlatidan kelgan dzyudochilar mashg‘ulot o‘tkazmoqda. Unda terma jamoamiz tarkibida Bahrom Botirov, Murodil Murodillayev, Abdurahim Nutfullayev, Zamohshari Bekmurodov, Shahram Ahadov, Obidxon Nomonov, Shahzodxo‘ja Sharipov, Azizbek Avazmurodov, Muzaffarbek To‘raboyev, Alisher Yusupov, Halimajon Qurbonova, Diyora Keldiyorova, Nilufar Ermaganbetova, Shukurjon Aminova, Shirinjon Yo‘ldosheva hamda Irisxon Qurbonboyeva kabi mahoratli polvonlar ishtirok etmoqda.
Mashg‘ulotlar jarayonida dzyudochilar jismoniy holatni bir maromga keltiruvchi mashqlar, turli texnik-taktik usullarni o‘z ichiga olgan mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanmoqda. Shuningdek, turli mamlakat dzyudochilari o‘rtasida o‘zaro sparring bellashuvlari ham tashkil etilishi belgilangan.
Ma’lumot o‘rnida: o‘tgan 2024 yil ham dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari aynan Mitterzil shahrida yig‘in o‘tkazgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA