Mamlakatimizda o‘q otish, stenddan o‘q otish va para o‘q otish sport turlarini yanada ommalashtirish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular orasidan mahoratli sportchilarni saralash tizimini takomillashtirish, ushbu sport turlari bo‘yicha zamonaviy sport infratuzilmalarini yaratish hamda milliy terma jamoalarimizning xalqaro musobaqalarda, Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlarida yuqori natijalarga erishishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 4 noyabrdagi “O‘q otish sport turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Sport vazirligida o‘tkazilgan taqdimot tadbirlari davomida mazkur qaror ijrosi bo‘yicha bajarilayotgan ishlar tahlil etildi.
Xususan, Chirchiq shahridagi “Qibray sport majmuasi” negizida tashkil etilishi belgilangan o‘q otish, stenddan o‘q otish va para o‘q otish bo‘yicha terma jamoalar markazi loyihasi muhokama qilindi.
Sport vaziri A.Ikramov mazkur markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha soha rahbarlari va mutaxassislarga o‘q otish sportining texnik parametrlarini inobatga olish borasida tegishli ko‘rsatma va tavsiyalarni berib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida shuningdek, poytaxtimizning Yashnobod tumanida barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasi hududidagi ma’muriy bino loyihasi, bugungacha barpo etilgan inshootlarning texnik holati, mazkur binodan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish ishlari muhokama qilindi.
Kelgusida Olimpiya shaharchasi hududidagi bino va inshootlarga Sport vazirligining boshqarma va bo‘limlari hamda tegishli tashkilotlarni joylashtirilish masalalari ko‘rib chiqildi.
T.Ro‘ziyev. O‘zA