2024 yilning 24 dekabrida “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni kuchga kirdi.
Mazkur qonun joriy yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarida muhtaram Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida parlament va ijro hokimiyati vakillari oldiga qo‘ygan hamda amalga oshirilayotgan islohotlarni davomiyligini ta’minlashga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosiga qaratilganligi bilan muhim hisoblanadi.
Qonun birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan ajratiladigan mablag‘lari miqdori, respublika byudjetidan mahalliy byudjetlarga ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar miqdorlari, mahalliy byudjetlar daromadlari va xarajatlari prognozlari, davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi daromadlari va xarajatlarini o‘zida mujassam ettirgan.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq makroiqtisodiy va fiskal barqarorlikni ta’minlash, shuningdek davlat qarzi oshishining oldini olish maqsadida qonun bilan konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi YAIMga nisbatan 3 foiz miqdorida belgilanmoqda.
Qonunda xarajatlarni maqsadliligi va samaradorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.Byudjet intizomini ta’minlash hamda byudjet taqchilligi cheklangan miqdorining oshib ketishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari hisobidan qo‘shimcha xarajatlar faqat qo‘shimcha daromad manbai mavjud bo‘lganda yoki boshqa xarajatlarni qisqartirish hisobiga amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
2025 yil uchun davlat kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 5,5 mlrd AQSH dollari, shundan Davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan byudjet taqchilligini moliyalashtirish uchun 3,0 mlrd AQSH dollari, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun 2,5 mlrd AQSH dollari miqdorida belgilanmoqda.
Davlat qarzi portfelini diversifikatsiya qilish hamda valyuta xatarlarini kamaytirish maqsadida 2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmi – 30,0 trln so‘m miqdorida qayd etilmoqda.
Davlat tomonidan qabul qilinadigan majburiyatlar (sotib olish yoki to‘lab berish) va tasdiq xatlari berilishi talab qilinadigan barcha davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosidagi imzolanadigan yangi loyihalar qiymatining yuqori chegarasi 6,5 mlrd AQSH dollari miqdorida belgilanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan byudjetining 2025 yilgi daromadlari 431,0 trln so‘m va xarajatlari 480,5 trln so‘m, taqchilligi 49,5 trln so‘mga prognoz qilinmoqda.
Ushbu maqsadlarga erishish borasida byudjet barqarorligini ta’minlashda soliq va byudjet siyosatining o‘rta muddatga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari sifatida
– “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish orqali daromadlar bazasini kengaytirish;
– barcha tadbirkorlar uchun teng imkoniyatlar yaratish hamda soliq tizimini raqamlashtirish va soddalashtirish;
– soliq, bojxona va byudjet siyosatini bosqichma-bosqich Jahon savdo tashkilotining talablariga uyg‘unlashtirish;
– o‘rta muddatda asosiy soliq stavkalarini o‘zgartirmasdan saqlab qolish;
– byudjetni shakllantirishda “natijaga yo‘naltirilgan byudjet” tizimini bosqichma-bosqich to‘laqonli joriy etish;
– inson kapitaliga xarajatlarning ustuvorligini, ijtimoiy himoyaga ajratilayotgan mablag‘larning manzilliligini kuchaytirish va samaradorligini ta’minlash;
– byudjet ochiqligini ta’minlash hamda byudjetni shakllantirishda fuqarolar ishtirokini yanada oshirish;
– davlat byudjetida Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari bajarilishiga qaratilgan tadbirlarni aks ettirish, shuningdek “yashil byudjetlashtirish” tamoyillarini bosqichma-bosqich tatbiq etish belgilab olingan.
2025 yilgi davlat byudjeti daromadlari 308,5 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 18,9 foiz miqdorida, davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlari 66,4 trln so‘m hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining daromadlari 22,2 trln so‘m prognoz qilinib, ularning xarajatlari tegishincha 62,8 trln so‘m va 20,3 trln so‘m miqdorda tasdiqlanmoqda.
2025 yil uchun Davlat byudjeti xarajatlari 344,8 trln so‘m miqdorida belgilanmoqda.
Shuni alohida qayd etish joizki, “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan Konstitutsiyaviy tamoyilga mos ravishda kelgusi yil Davlat byudjetida ham ijtimoiy yondashuv ustuvorligi saqlab qolingan.Kelgusi yilda ham davlat byudjetida ijtimoiy soha xarajatlari salmoqli ulushni tashkil etadi. Xarajatlarning 52 foizi yoki 177,7 trillion so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda.
Bunda ta’limga yo‘naltirilayotgan xarajatlar 84,0 trillion so‘mni, sog‘liqni saqlash sohasiga esa 41,3 trillion so‘mni yoki byudjet xarajatlarining 36,4 foizini tashkil etmoqda.
Shu kabi, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport sohalariga ham ajratilayotgan mablag‘lar salmog‘i oshyapti.
Aholini ijtimoiy himoya qilish masalalari kelgusi yilda ham e’tibor markazida bo‘lishini alohida ta’kidlash lozim.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 15 ta tuman va shaharni kompleks rivojlantirish dasturlariga 1 trln so‘m,hududlarni rivojlantirishda muhim “drayver” loyihalar uchun zarur infratuzilmani yaratish maqsadlariga 800 mlrd so‘m, og‘ir ahvoldagi 1000 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilashga 1,4 trln so‘m maqsad qilingan.
Bu esa millionlab aholi uchun munosib sharoitlar yaratilishini anglatadi.
Prezidentimizning sa’y-harakatlari va qo‘llab-quvvatlovi bilan mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boyicha dadil qadamlar qo‘yilmoqda, parlamentlararo aloqalar kuchaydi, mintaqa va global miqyosdagi tadbirlar, forumlar o‘tkazilmoqda, muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Kelgusi yilgi Davlat byudjeti va umuman oxirgi yillarda byudjetni shakllantirishda BRMga, shu jumladan “yashil” loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga, bunda ayniqsa ta’lim, sog‘liqni saqlash, energetika, toza suv va sanitariya hamda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani quvonarli albatta.
Joriy yilda Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlarni (16 ta) amalga oshirish uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar jami byudjet xarajatlarining 69 foizini tashkil qilgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 246,5 trln so‘m tashkil etishi belgilanmoqda.
Zero, Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlarni amalga oshirish avvalo moliyaviy manba bilan ta’minlanishga bog‘liq.
Jumladan, byudjetni ko‘rib chiqish davomida gender tenglikni ta’minlash sohasiga e’tibor qaratilishi (genderga asoslangan milliy byudjet) gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha erishilayotgan natijalarga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatmoqda.
Jumladan yaqinda e’lon qilingan Gender tenglik va boshqaruv indeksida boshqaruv, ta’lim, IT (AyTi), mehnat, tadbirkorlik va zo‘ravonlikni oldini olish kabi sohalarda erishilgan ijobiy natijalarga ko‘ra O‘zbekiston 103-o‘rindan52-o‘ringa ko‘tarildi.
Ushbu raqamlar O‘zbekiston BRMga qanchalik jiddiy e’tibor qaratayotganini va umuman ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarimiz BRM bilan uyg‘un ravishda amalga oshirilayotganini bildiradi.
Qonunda tuman va shaharlar byudjetlari daromadlar bazasini mustahkamlash, ularni mustaqilligini yanada oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Xususan, tuman va shaharlar byudjetlariga to‘lanadigan amaldagi soliqlarga qo‘shimcha ravishda aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulk va yer solig‘i (yirik soliq to‘lovchilar tomonidan to‘lanadigan soliqlar bundan mustasno), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlarining kamida 50 foizi (bu yerda ham yirik soliq to‘lovchilar tomonidan to‘lanadigan soliqlar bundan mustasno), hamda davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushumlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, Qonun bilan 2025 yildan boshlab Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat byudjetidan ajratilgan genderga doir mablag‘lar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har chorak yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis palatalariga taqdim etishi bo‘yicha yangi norma kiritilmoqda.
Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti ajratmalarini tasdiqlash, byudjet jarayoni va byudjet darajalari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish hamda 2025 yil mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti hamda ularni tayyorlash uchun asos bo‘lgan makroiqtisodiy rivojlanish prognozlarini o‘zida aks ettirish bilan bir qatorda jahonda ro‘y berayotgan global tahdidlar iqtisodiyotda keskin o‘zgaruvchanlik va yuqori noaniqlikning saqlanib qolishi sharoitida 2025 yilda ham mamlakatimizda milliy iqtisodiyotni 6 foizdan kam bo‘lmagan darajada o‘stirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirishga qaratilgan tarkibiy islohotlarning davom ettirilish, aholining daromadlarini oshirishga, kambag‘allik darajasini qisqartirishga qaratilgan.
Qobil Tursunov,
Oliy Majlis Senatining Byudjet
va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi
raisi o‘rinbosari