Umrning olmos mavjlari

Har bir ijodkor qalbga yo‘l izlaydi. Shu niyatda o‘zicha so‘qmoq ochadi, yo‘l ochadi. Lekin Ibrohim G‘afurov ijodining sehri, jozibasi, san’atkorlik fenomenida birlamchi unsur, bosh figura – SO‘Z! Shunchaki so‘z yoki so‘zlar emas, har kuni-har gurungda siyqasi chiqarib yuborilgan, so‘zbozliklardan to‘kilgan-sochilgan allanimalar emas, “so‘z zargari”ning o‘zi topgan, O‘ZINING so‘zlari.

 
O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, benazir tarjimon, atoqli adib va olim Ibrohim G‘afurovga esse-maktub


Ibrohim aka! XXI asrning 17-yili ajoyib voqealarga boy bo‘lmoqda Vatanimizda. Adabiy jamoatchiligimizdagi ko‘tarinkilik, yangilanish istagi chinakam ilhombaxsh muhitni vujudga keltirayotgan bir paytda hukumatimiz va muhtaram Prezidentimiz tomonidan Sizga O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi faxrli unvoni berilishi adabiy jamoatchiligimiz, jumladan shogirdlaringiz, muxlislaringiz va ko‘p sonli kitobxonlaringiz tomonidan mamnuniyat bilan qarshi olindi. Qutlug‘ tavallud ayyomingiz arafasida yuz bergan bunday oliy e’tirof ayniqsa ijodkor inson qalbiga adoqsiz shukuhlar bag‘ishlaydi, kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shadi albatta. Zero, hamon har qanday katta ijodkor o‘z jamiyati uchun alohida bir ijtimoiy voqea hisoblanar ekan, uning keng va yuksak maqomda e’tirof etilishi umummilliy tafakkur rivoji-ravnaqiga yanada zo‘r zavq-shavq bilan xizmat qilishga undaydi kishini.

Ibrohim aka! Qutlug‘ voqealar to‘lqinida respublikamizning eng nufuzli va zalvorli nashriyotida salmoqli kitobingiz chop etilayotganidan xabar topib boshim osmonga yetdi. Qalam ahli uchun yangi kitobini qo‘lda tutishdan shodumonroq saodatli lahzalar ko‘p emas. Ana shu hayajonda Sizga esse-maktub bitar ekanman, uni ko‘pdan buyon xayolimning bir kungurasida pusib yotgan noxushroq gapdan boshlasam Sizdek donishmand inson buni to‘g‘ri tushunasiz deb ishonaman. Qolaversa, bunga o‘zingizning qalamingizga mansub quyidagi mansura turtki bergandi:
…o‘ttiz yettinchi yil

Men tug‘ilganda qahraton edi.
Qodiriy yo‘q edi.
Ikromov yo‘q edi.
Xo‘jayev yo‘q edi.
Cho‘lpon yo‘q edi.
Fitrat yo‘q edi.
Nosiriy yo‘q edi…

Menga qolsa, mansurani “Qora xat” deb nomlagan bo‘lur edim. Sakkiz misrada o‘tgan asrning 37-yili kirdikorlari-“basharasi” butun dahshat-razolati bilan ochib tashlangan.

Haytovur nonko‘r bandalarning vahshiyliklari qanchalar qutirmasin, donishmand hayot o‘z yo‘lida davom etaveradi. Davom etgani uchun ham zulmat rangiga bo‘yalgan o‘sha mash’um 30-yillar asnosida kelajakdagi milliy adabiyotimiz, madaniyatimiz, san’atimizning faxri-iftixori bo‘lib yetishajak necha o‘nlab zotlar dunyoga keldi. O‘tgan asrning eng dahshatli sanasida Sizning tavallud topishingiz ham “Hayot” nomli muazzam daryoning oqimiga hech qanday to‘siqlar, to‘g‘onu-to‘fonlar g‘ov bo‘la olmasligidan bir dalolat edi.

Odam bolasini yaratishda o‘z qudratini namoyish etgan Parvardigori olam unga beadad in’omlarni qo‘shqo‘llab hadya eta olishi bilan yana bir karra o‘z kuch-qudrati beqiyos ekanligini tasdiqlab-ta’kidlab qo‘ygan.

“Hayot va jon berilganligining o‘zi oz deysizmi? – deb yuborasiz bir o‘rinda Ibrohim aka, hayrat va shukrona ohangida. Og‘irdan-og‘ir o‘yga tolasiz ham: ­– Faqat bunchalar ko‘p mushkulliklar, biri ortidan to‘xtamay ikkinchisi, uchinchisi… yetib keladigan yo‘qchiliklar, yo‘qotish, tuganmas sinoqlar qayerdan paydo bo‘larkin? Biror voqea ro‘y bersa qismat, peshona deb qo‘ya qolamiz. Hech tushunib bo‘lmaydi. Balki rostdan ham hayot degan narsaning o‘zi bitmas-tuganmas, oxiri hech qachon ko‘rinmas imtihonlar zanjiridir?..” Bolaligi urush yillariga to‘g‘ri kelgan, murg‘ak tasavvurlari urushning behad mashaqqatli yillarida shakllangan insonning o‘y-xayoli bu kabi jumboqli savollarga to‘lib-toshgan bo‘lishi tabiiy. Axir tafakkurli inson dunyoga, borliqqa qarata sonsiz-sanoqsiz savollar yog‘diradi (“Ma’ruf zotning quroli yo‘q Faqat savollari bor” demaganmidingiz “Rahmon” nomli mansurangizda?) va tug‘ilgan savollarga bu yorug‘ olamdan, insoniyat tajribalaridan mudom javob izlaydi. Izlanish uning hayoti mazmuniga aylana boradi. Lekin ushbu mazmunga aylanish qay tariqa kechadi? Ro‘y beradi?

Zamonaviy o‘zbek adabiyoti, adabiy jamoatchiligi, milliy ma’naviyatimiz va ma’rifatimiz maydonida 60 yildan buyon hormay-tolmay faoliyat yuritib kelayotgan ulkan mutafakkir olim, adib, adabiyotshunos, benazir mutarjim, ustoz muallim, taniqli davlat va jamoat arbobi bo‘lgan shaxs botinidagi ana o‘sha sirni, ushbu shaxsning insoniy va ijodiy fenomenini tashkil etgan o‘zakni, ilk turtki, sabab, tayanch nuqtani topishni, asos-poydevorni aniqlashni istaydi ko‘ngil.

Urush davriga to‘g‘ri kelgan bolalik qismati naqadar ayanchli! “Qorasaroydagi maktabga qatnardik, – deb xotirlaysiz Ibrohim aka. – Oyoqlarimizda hech narsa yo‘q. Yalangoyoq borardik maktabga. Kech kuzak, uzun qahrli qish, seryomg‘ir ko‘klamlarda oyoqlarimiz yorilib ketar, tovonlarimizdan hamisha qon silqib turardi. Og‘rig‘iga chidab bo‘lmasdi”.

Otalar, er tortgan o‘g‘lonlar frontda, bola-chaqa tashvishi, ro‘zg‘or mashaqqati mushfiq volidalar zimmasida. “Onam ayvondagi sandalda ko‘ylak tikib o‘tirardi. Ko‘zoynak ustidan menga ajab charaqlab qaradi. Yuzi shunchalar chiroyli bo‘lib ketdiki, oyim shunchalar chiroyli, hammadan chiroyli deb negadir yuragim orqamga tortdi va o‘shandan boshlab onamni suyib qoldim”.

Necha qayta o‘qiyman, o‘qib turib tomosha qilaman Siz so‘z yordamida chizgan bu dilbar suratni, Ibrohim aka. Suratdagi Onangiz o‘rnida o‘z onam siymosini ko‘raman, “Yo‘q, – deyman, – mening onam dunyoda eng go‘zal ona!” deya hayqirgim keladi. Axir har bir o‘g‘il-qiz farzand nazdida o‘z onajoni-volidasidan go‘zalroq inson yo‘q dunyoda. Shunday emasmi, Ustoz? Lekin Siz ana shu boqiy tuyg‘uda yanada o‘zgacha, yanada zalvorli ma’no-mazmun topasiz: onam hammadan chiroyli degan kashfiyotni MЕNING BIRINCHI MUSTAQIL FIKRIM EDI deya baholaysiz, ta’riflaysiz.

Taqdir taqdim etgan tole shudir Ibrohim aka, Sizga? Odam bolasi o‘z toleini uchratganini anglasa, so‘ng bu tole unga umr bo‘yi va asrlar bo‘yi unga hamrohlik qiladi, degan so‘zlaringiz menga bashoratdek tuyuladi. Darhaqiqat, hayotning ilk pallasida qaysi yoshingizda anglab yetgansiz dastlabki mustaqil fikrni, deya savolga tutging keladi ahli qalam yor-do‘stlarni. Anglab yetgan bo‘lsangiz uni alohida voqea sifatida nishonlaganmisiz, shodiyonaga aylantirganmisiz? Ana o‘sha murg‘ak kashfiyot kelajakda muqarrar xalqimizning, vatanimizning milliy boyligiga aylanajak degan ulug‘ niyatlarni dilingizda asrab-avaylaganmisiz?

Shaxsning insoniy va ijodiy fenomenini tashkil etgan o‘zak, ilk turtki, sabab, tayanch nuqta, asos-poydevor deganda shuni nazarda tutgan edim Ibrohim aka! Topdim, kashf qildim deb sevindim. Yanglishmadimmi? Al musavvir (shakl va surat beruvchi), Al vahhab (g‘ayb xazinalarini mo‘l qiluvchi), Zul jalali val ikrom (buyuklik va fazli karam sohibi) bo‘lmish qodir Egamizning saxovati o‘laroq 10 yoshingizda in’om etilgan kashfiyotga tashnalik tuyg‘usi, karomati, mana, 70 yildirki biron yil, biron oy, biron kun Sizni tark etmadi, balki bolalik ongu shuuringizga singib ketgan yaratuvchilik, yangilikka o‘chlik ishtiyoqi hayotingiz mazmun-mundarijasini tashkil etdi. Bepoyon ummonning olmos mavjlari yanglig‘ ustma-ust, oldin-keyin, quvib-quvilib harakatlanishdan biron lahza to‘xtamadi.

Ayni ushbu ishtiyoq talabalik yillaringizni chinakam ma’noda oltin davrga aylantirdi. Zokirjon Holmuhammad Furqat ijodiga bag‘ishlangan tadqiqot-maqolangiz hassos murrabiy ustoz Ayub G‘ulomning taxsiniga sazovor bo‘ldi. “U studentlik chog‘laridayoq o‘zining ilmga, ijodga chanqoqligi, sinchkovligi bilan ajralib turar edi” deb esladi Siz haqingizda akademik Matyoqub Qo‘shjonov. “O‘zbekiston xotin-qizlari” jurnalida bosilgan “Uchrashuv” nomli hikoyangiz ham talabalik kezlari izlanishlarining shirin mevalaridan edi. Nogahon “Go‘zallikning olmos qirralari” deb nomlangan jajjigina kitobingiz og‘izga tushdi. Kitobdan joy olgan tadqiqotlaringizda G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Asqad Muxtor, Primqul Qodirov singari o‘sha davr adabiyotimiz darg‘alari asarlarini tahlil qilar ekansiz asl badiiy asar qanday bo‘lmog‘i kerak degan savolga javob izlaysiz. Javob tariqasida o‘z tasavvuringizdagi adabiy-badiiy mezonlarni emin-erkin bayon etasiz. 60-yillarning boshlanish kezlari uchun bunday yondashuv yangilik edi. Hatto Siz taqdim etayotgan mezonlar tahlil uchun olingan asarlar doirasidan kengroq, chuqurroq va birmuncha jozibaliroq edi. Kitobchaning qo‘lma-qo‘l o‘qilishi boisi mana shunda edi. “Go‘zallikning olmos qirralari” adabiyotimiz maydonida mutlaqo avvalgilarga o‘xshamagan, favqulodda yangicha qarashlar bilan qurollangan nigohi o‘tkir munaqqid paydo bo‘layotganidan xushxabar edi.

Ijodiy mehnat faoliyatingiz boshlangan Davlat badiiy adabiyot nashriyoti haqiqiy ma’noda Sizni badiiy tafakkur, badiiy so‘z dunyosiga olib kirdi. Dorilfunun vazifasini o‘tadi. Sizning tiynatingizdagi yangidan-yangi kashfiyotga, ixtiroga bo‘lgan tashnalik so‘zga bo‘lgan mubtalolik tuyg‘usi bilan chatishib ketdi.

Rahm-shafqat qanchalar ulug‘lanmagan deysiz mo‘tabar kitoblarimizda. Donishmand qalam ahllarining najot –­­­ go‘zallikda degan bashoratlari ham to‘g‘ri. Sizning nazdingizda esa insondagi har qanday tuyg‘u, jumladan rahm-shafqatu go‘zallik ham so‘z orqali izhor etiladi, so‘z vositasi-la voqelikka aylanadi, reallashadi. Olami sag‘irdan olami kabirga qadar anglamoq-uqmoq baxti faqat va faqat so‘z orqaligina ro‘yobga chiqadi degan xulosa Sizning hayotiy aqidangizga aylana bordi. Darhaqiqat, so‘zsiz nima bor, nima mavjud dunyoda?! Kashfiyotlar kaliti-ku, so‘z!

Ibrohim aka! Matbuotda bosilgan maqolalaringizdan birida til va tafakkurdan qay biri oldin tug‘ilgan degan savol tegrasida mushohada yuritasiz. “Har ikkisi bir paytda birdaniga paydo bo‘ldimi?” degan savol ham qo‘yasiz. Ayni shu savol bilan O‘zingizga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi: Sizning tajribangizda yangicha qarashlar, favqulodda yondashuvlar, kutilmagan xulosalar, tesha tegmagan tashbehlar avval tug‘iladimi (topiladimi) yoxud ularni ifodasi bo‘lmish so‘zlarmi?.. Sizni ortiqcha qisuvga olish niyatim yo‘q Ustoz, fikri ojizimcha esa ikkisi birdaniga paydo bo‘lishi asosliroq. Siz bamisoli ertayu kech bedor kezgan sayyod, so‘z esa – istalgan lahzada otilishga shay qo‘lingizdagi kamon.

So‘z dunyosi xalq mulki, uni istagan odam istaganicha istifoda etishi mumkin. Xayriyat, bunga to‘siq yo‘q. Lekin xalqning bu benazir va beminnat mulki faqat va faqat orif kishilarninggina tom ma’nodagi mulkiga aylanadi. Oriflikning esa sharti bisyor.

Siz oriflikni buyuk Navoiydan olgansiz, Ustoz. “Dil erkinligi” deb nomlangan kitobchangizdagi Hazratimizga bag‘ishlangan sahifalarni o‘qigan ziyoli shunday xulosaga kelishi muqarrar. Siz Alisher Navoiydek nomi va ruhi boqiy zotni bilmoq va anglamoqlikka chorlaysiz. Navoiy o‘zbek xalqining umurtqasi deya ta’riflaysiz, Navoiyni teran bilish va anglash o‘zimizni bilish va anglash ekanligini kuyinib yozasiz. Navoiy tilining murakkabligi dahoning murakkabligi ekanligini uqdirishga urinasiz. Va “Navoiy o‘z zamondoshlari o‘rtasida ko‘nglining o‘ta nozikligi bilan mashhur bo‘lgan”ligiga alohida to‘xtalasiz (Navoiy bobo “nozuk” deb talaffuz qilgan ekanlar, xayr, biz ham ul zotga bajonidil iqtido qilayluk). Ko‘ngulning nozukligi ayrimlar o‘ylaganidek injiqlik emas, tengsiz boylik, u olamni tushunish va his qilish boyligi ekanligini takror va takror ta’kidlaysiz. Shu o‘rinda favqulodda tubandagi xulosaga kelasiz: “Ko‘ngilning nozikligi hech istisnosiz atrofdagi barcha narsalar, barcha hodisalar va mavjud harakatlarga badiiy ko‘z bilan, nafosat nigohi bilan qarashdir. Faqat qarash emas. Balki eng oliy saviyadagi nafosat nazari bilan baholashdir”. Bu xulosaning favquloddaligi shundaki, mazkur jumlalar Sizning adabiy-badiiy qarashlaringiz (sof ilmiy tilda – konsepsiyangiz), badiiy voqelikni idrok etish, tushunish, talqin va tahlil etish aqidalaringiz zamiridagi mazmun-mohiyatni anglashga kalit vazifasini o‘taydi. “Navoiy kalbining nozikligi uning butun badiiy uslubini qamradi desak, Navoiy dahosining go‘zal va sirli olamiga nechukdir yaqinlashgandek bo‘lamiz”. Bu so‘zlarni men sira ikilanmay O‘zingizning badiiy uslubingizga, O‘zingizning badiiy tahlillaringizga, talqinlaringizga nisbat bergim keladi. Xat uslubi muallifning o‘zidir degan hikmatdan kelib chiqsak bunday xulosa xato bo‘lmas Ibrohim aka? Qolaversa, Navoiyni tanish, bilish mumkin, o‘rganib anglash ham mumkin, lekin odamning o‘zida tabiatan moyillik bo‘lmay turib buyuk Hazrat ijodiy uslubiga taqlid qilish ko‘-o‘p og‘ir orzu emasmi?! Navoiydagi “noziklikning tug‘maligi ajib bir tarzda uning xat-uslubiga ham kuchli ta’sir ko‘rsatadi” degan so‘zlaringiz yanayam bejiz emas. Lo‘nda aytganda, Sizga Alloh in’om etgan noziklik Sizning badiiy tafakkuringizda, xat-uslubingizda yaqqol aks etishini ko‘rish-ilg‘ash u qadar mushkul emas. “Navoiy alohida til olamini yaratganidek, alohida fikrlash olamini ham yaratgan” degan tushuncha yana bir karra Siz singari izdoshlari, muhiblari izlanishlarini tiniqroq e’tirof etishga ko‘mak beradi.

So‘zga bo‘lgan hurmat, so‘z mo‘jizasiga bo‘lgan ishonch kishida badiiyatga bo‘lgan munosabatni, hayot va inson manzaralarini nafosat nigohi bilan anglashga bo‘lgan moyillikni kuchaytirish Sizning keyingi faoliyatingizda asos poydevorni, markaziy mehvarni tashkil etdi. Deyarli har bir maqolangiz, har bir kitobingiz e’tiborga tushdi, e’tirof etildi, voqeaga aylandi.

Tabiiy, hech bir zamonda daqqiga aylangan tushunchalarga o‘zgartirish kiritish oson kechmaydi. Xususan, sho‘ro davrida uzoq yillar hukm surgan aqidalar – ular mafkuraning oqavasi edimi yoxud sayoz tushunchalar “sharofati” edimi, qat’iy nazar – toshga o‘yilgan chiziqdek qotib turavergan. Unga o‘zgartirish kiritish, jilla qursa o‘zgacharoq talqin etish kam deganda g‘animlik o‘rnida qabul qilingan. Tanqidchilikka, munaqqidlikka yondashuv nazarda tutilmoqda bu o‘rinda Ibrohim aka. Yashirishning hojati yo‘q, tanqidchilik naq nayzabozlik vazifasini o‘tagan davrlar bo‘ldi, uning qurboniga aylanganlar qancha desangiz! Ehtimol bu ham so‘zni tugal mag‘zini tushunmaslik, his etmaslik kasofati bo‘lgandir? To‘ppadan-to‘g‘ri uning yuza qatlamini idrok etish va rioya qilish oqibatidir? Ana shunday paytda tanqidchilik – muallimlikdir degan gapni olg‘a surish oppoq qor qo‘ynida gul-gul lolaqizg‘aldoq ochilishi hodisasidan oz emasidi. “Tanqidchilik – mening tushunchamda – muhabbat izhor qilish. Bu so‘zga, go‘zal so‘zga muhabbat” degan ta’rif esa inqilobning, ma’naviy jasoratning o‘zginasi edi! Milliy badiiy so‘z muhitini tubdan yangilovchi kashfiyot edi! “Go‘zallikning olmos qirralari”ni “Adabiy o‘ylar” emas, “Adabiy-tanqidiy maqolalar” desangiz ham hech kim ajablanmasdi, “Yonar so‘z”da, “O‘ttiz yil izhori”da, “Dil erkinligi”da, xullas hech bir kitobingizda maqolalar janrini “tanqid” deb belgilamadingiz. “O‘y”, “Kuzatish”, “Badia”, “Esse”ni ma’qul ko‘rdingiz. Bu hol ham Sizning adabiy-badiiy so‘zni, badiiy ijodni – nafosat degan, go‘zallik degan, “Badiiy adabiyotning onasi – muhabbat!” degan qarashlaringiz timsoliga, ramziga aylandi. Kezi kelganda aytadigan bo‘lsam, Siz bilan esse va maktub haqida maxsus suhbat qurgim keladi Ustoz. Siz o‘z ijodingizda mazkur ikkala janrni birdek ardoqlaysiz, dam esse, dam maktubga murojaat qilasiz. Chindan ham tilga olingan har ikkala janr qo‘lida qalam tutgan insonning bahri dilini ochib yuboradi, muallifga ham, uning o‘quvchisiga ham bo‘lakcha samimiylik, o‘zgacha intellektual kayfiyat bag‘ishlaydi. Chunki esse va maktub hududida muallif bamisoli hurlik vodiysida sayr qilib yurgandek erkin nafas oladi, uning butkul shaxsiy qarichlari esa qonun bilan qo‘riqlanadigan daxlsiz mulk maqomida yashaydi.

Ibrohim aka! Yanglishmasam, oliy o‘quv yurtini bitirgach qariyb 20 yil mobaynida badiiy adabiyot nashriyoti muharriri sifatida faoliyat yuritdingiz. Qaynoq adabiy muhitda toblandingiz, adabiyotimizning barcha darg‘alari uchun suyukli maskan hisoblangan nashriyotda dunyo yuzini ko‘radigan ko‘plab kitoblarning yuqori saviyada, o‘qishli chiqishi yo‘lida ko‘z nuringizni beminnat to‘kdingiz. Muhimi, nashriyot muharriri sifatida ham o‘z aqidalaringizdan chekinmadingiz, aksincha bor bilim va tajribangizni chop etilayotgan kitobning yanada yuqori saviyada, yanada jozibali va o‘qishli chiqishini ta’minlashga qaratdingiz. Nashriyot muharriri muallif bilan safdosh, maslakdosh bo‘lib ijod qilmog‘i, muharrirning kitobxonlar oldidagi mas’uliyati muallif mas’uliyatidan oz emas deb bildingiz.

Siz ilk bora ustozingiz Ozod Sharafiddinov qalamiga mansub kitobni – “Zamon.Qalb.Poeziya”ni nashrga tayyorlaganingiz ham tasodif bo‘lmasa kerak. Xususan, kitobga nom tanlash chog‘idagi hamkasblar mashvaratida fikringizni uqdira olganingiz Sizning adabiyotga bo‘lgan qarashlaringiz tasodif emas, balki ilmiy-amaliy zamini pishiq-puxta ekanligini yana bir bor tasdiqlagan. Ozod domla xotirasiga bag‘ishlangan maqolangizda yozgansiz-ku: “Nazarimda, Qalb hamisha o‘rtada turishi kerakday edi. Zamon ham, Poeziya ham Qalb orqali tushunilar va yaratilardi”. Ozod Sharafiddinovdek mard, tanti Ustozning taxsiniga sazovor bo‘lganingiz ham taodif emas edi, Ibrohim aka!

Ustoz! “Hayo ­ ­­­- xaloskor”, “Mangu latofat”, “Parivashlar majlisi” deb nomlangan kitoblaringiz keyingi yillar adabiy jamoatchilik doirasida alohida e’tirof etildi. Abdulla Orifdek ardoqli Shoirimiz bir necha o‘n yillar muqaddam insonni anglab bo‘lmas sir deya ta’riflagani holva bo‘lib qolmoqda endilikda. Buni qarang, bashariyat o‘sha “anglab bo‘lmas sir”, ya’ni o‘zining oldida o‘zi mutaassir ahvolga tushmoqda, juda ko‘p mo‘tabar tushunchalar, qadriyatlar, insoniy fazilatlar taraqqiyotning jin ko‘chalarida dardisar bir matohdek qalbimiz-qo‘njimizdan to‘kilib qolmoqda. Ana shunday tahlikali, serg‘alayon va to‘s-to‘polon zamonamizda hayo tuyg‘usini xaloskor deya boshimiz uzra ko‘tarish ham alohida bir ma’naviy jasorat desak mubolag‘a bo‘lmas. Yetti iqlimda banda borki, xohish-niyatlari, o‘y-xayoli oyoq-qo‘liga qo‘shib manfaat tuyg‘usidan to‘qilgan po‘lat arqonga chirmab tashlangan go‘yo. Nafsning qutirishi – odamning qutirish, odamning qutirishi esa – olamning tanazzulidan o‘zga narsa emas! Vaholanki, odamiylikning o‘zagi, boshdan oxiri ­– adab. “Adabning iligi esa ­ hayo”! Mana, Sizning navbatdagi kashfiyotingiz, Ibrohim Ustoz! “G‘arbda, Rossiyada ma’naviy tozalanish xususida ko‘p orzular bilan yozishadi, – deb o‘qiymiz “Mangu latofat”da. ­–Lekin nechukdir sira hayo ustida gap bormaydi. Ma’naviy tozalanishni hayodan holi tarzda ko‘z o‘ngiga keltirib bo‘larmikin?” Hayo raketa yoki samolyot emasligini ta’kidlaysiz, “Hayo Cho‘lpon yaratgan she’riy obrazga suyanib aytsak, binafsha”.
Bunchalar nozuk obraz, do‘stlar? Bunchalar rubobiy tuyg‘u?! Kapalakning jonidan-da azizroq, g‘animatroq sof o‘zbekona tuyg‘uni odamzodning, olamning xaloskori deya bong urmoqda mutafakkir bir inson! Komil ishonch bilan yozmoqda, yashab turgan asrimiz hayoga qaytish asri bo‘lishiga umid bog‘lamoqda.

“Hayo – xaloskor”, “Mangu latofat” va “Parivashlar majlisi” deb nomlangan kitobingizdan o‘rin olgan risolalar, tadqiqotlar hamda o‘ylar va esselardagi fikr, tafakkur, taxayyul jug‘rofiyasi globallashuv davri miqyoslariga ko‘tarilgan. Sizdagi publitsistik ruh, lirik-fuqaroviy pafos milliy tiklanish yo‘llarini izlashdan to umuminsoniy muammolar qadar qamrab oladi. Bir so‘z bilan aytganda, “Eng yaxshi milliy tarbiya – bu umuminsoniy tarbiya” degan aqidani ilgari surishingiz g‘oyatda jozibador xulosalar chiqarishga zamin yaratgan.

Bundan 100 yil muqaddam yashab o‘tgan jadid ota-bobolarimiz o‘z oldilariga qo‘ygan olamshumul orzularni bugungi kun nuqtai nazaridan tadqiq etar ekansiz jadidchilik harakatlari hech bir zamonda eskirib qolmasligini uqdirasiz. Ko‘plab fikr va mulohazalaringiz qatori bir biri bilan nihoyatda chambarchas bog‘liq ikki mulohazangiz har qanday ziyoli insonni o‘ylantirib qo‘ymay iloji yo‘q. Siz har qanday badiiy-intellektual taraqqiyotning zamirida xabardorlik sharti nihoyatda muhim ekanligini alohida ta’kidlaysiz. Har qanday illatning ildiz tomiri xabarsizlikka borib taqalishini afsus-nadomat bilan ko‘rsatishga harakat qilasiz. O‘tgan asrning avvalida hukm surgan ijtimoiy shart-sharoitda xabarsizlik qanchalar pand berganligini, jadid otalarimiz boshlagan xayrli amallar xalq tomonidan yetarli darajada qo‘llab-quvvatlanmaganligi sabablarini umumxabarsizlik kemtikligidan izlaysiz. Buni qarangki, global axborot muhiti dunyoni komiga tortib ketayotgan hozirgi sharoitda ham xabarsizlik umumbilimsizlik manbai bo‘lib qolmoqda. Hushyorlikka chorlovchi paradoks: axborot tanqisligi davri xabarsizligi bilan axborot oqimi shiddatli tus olgan davr xabarsizligi o‘rtasida tafovut u qadar katta emas ekan!..

Ikkinchi bir olg‘a surgan g‘oyangiz “Millatning billurlanishi” deb nomlangan. Millat deganda Siz to‘g‘ri yo‘l topgan odamlar jamiyati tushunilmog‘i kerakligini eslatasiz, taraqqiyotning to‘g‘ri yo‘lini topish esa o‘zligini anglash, haq-huquqini tanish, axloqan poklanish, millat o‘zagining pokligini saqlash bilan bo‘lishini ta’kidlaysiz. Bularning barini millatning billurlanishi degan ibora ostida umumlashtirasiz. Garchi, bu ibora fransuz olimi E.Karrer D’Ankos qalamiga mansub kitobdan olingan esa-da, u nihoyatda go‘zal tarzda bizning shu kungi milliy taraqqiyotimiz, ravnaqimiz… ko‘zlayotgan orzularimiz nuqtai nazaridan uzukka ko‘z qo‘ygandek tarjima qilingan, o‘zbekchalashtirilgan.

Bunda Sizning san’atkarona mutarjimlik mahoratingiz juda-juda asqotgan.

Ibrohim aka! Insoniyat dunyoni qamrab olgan globallashuv jarayonlarini anglab yetganiga, u haqda qayg‘urayotganiga u qadar uzoq vaqt o‘tgani yo‘q. Mening nazarimda “badiiy adabiyot”, “badiiy tafakkur” deb nomlangan bepoyon olam azal-azaldan tabiiy ravishda kechadigan globallashuv jarayoni tufayli tirik, ushbu jarayon tufayli o‘zidagi mo‘jizaviy jozibasini saqlagan holda yashab kelmoqda. Badiiy tafakkurning tabiatida xuddi nur yanglig‘ taralish, tarqalish, ta’sir o‘tkazish “qobiliyati” mavjudligini nazarda tutmoqdaman. Faqat o‘sha nurdan bahramand bo‘lish, o‘sha jozibaga intilish va shu orqali o‘zidagi mavjud nurni yanada charog‘onlashtirish – nur ustiga nur qabilida ish tutish istagi, xohishi bo‘lsa kifoya. Bunday xohish-istakni ro‘yobga chiqarishning birdan-bir chorasi esa – tarjima! Mana shunday vositachilik, bog‘lovchilik missiyasiga qodir bo‘lgani uchun ham tarjima ulug‘ san’at, mo‘jizakor ijod turi, sohasi hisoblanadi. Shu sababli ham milliy madaniyatimiz tarixida tarjima alohida o‘rin tutadi, alohida oltin sahifalarni tashkil etadi.

Zarracha ikkilanmay aytish mumkinki, o‘zbek tarjima maktabi dunyodagi hech bir millat tarjima maktabidan kam emas – uning tarixi, ilmi, amaliyoti, erishgan ulkan mahorat maktabi bilan istagancha faxrlanishimiz mumkin.

Siz, Ibrohim aka, mana shunday zalvorli milliy tarjima maktabi darg‘alaridan biri hisoblanasiz. Bu mavzuda uzoq va maroqli suhbat qurish mumkin, lekin, ruxsat bersangiz, aniq misollar yordamida tarjima uchun asar tanlash va uni yuksak mahorat bilan amalga oshirish muammosi tevaragida muxtasar so‘z yuritsak.

O‘tgan asrning ikkinchi yarmiga kelib mahalliy yozuvchi-shoirlar orasida Amerika, Yevropa, shuningdek zamonaviy arab, turk adabiyoti namunalariga qiziqish orta borgan. Unga qadar esa asosan rus adabiyoti namoyondalari tilga olinar, adabiy ta’sir haqida so‘z ochilsa Pushkin, Turgenev, Gorkiy, Chexov, Mayakovskiy singari sanoqli shoir va yozuvchilardan nariga o‘tilmasdi. Ya’ni, bizga ijodiy ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan ijodkorlar doirasi nihoyatda tor bo‘lgan. Shunday bir paytda Jek London, Ernest Xeminguey asarlarini o‘qish “moda”ga aylana boshladi. Yer kurrasining allaqaysi chekkasida Chili degan davlat mavjudligi, o‘sha tomonlarda Pablo Neruda, Viktor Xara kabi “g‘alati” shoirlar yashagani tilga tushdi. Nozim Hikmatni tanidik. Ularning asarlari o‘zbekchaga o‘girila boshlandi. 60-yillarning oxiri, 70-yillarning boshlariga kelib esa dunyo adabiyoti bizning tasavvurimizga sig‘maydigan darajada keng ekanligi ma’lum bo‘lib qoldi. Yapon adabiyoti, Hind adabiyoti, Xitoy adabiyoti, Sharq xalqlari adabiyoti, Kavkaz xalqlari adabiyoti, Boltiqbo‘yi xalqlari adabiyoti, keyinroq Lotin Amerikasi adabiyoti tog‘-tog‘ bo‘lib, bog‘-bog‘ bo‘lib o‘sib-unib yotgani, sanalgan va sanalmagan har bir milliy adabiyot olamiga “qadam bosgan” oddiy kitobxon bitmas-tuganmas xazinaga duch kelishi, ijodkor inson esa favqulodda yangi va tesha tegmagan tasvir vositalari, uslublari bilan tanishishi mumkinligi ayonlashdi. Sotsialistik realizmdan boshqa ijod uslubini tan olmaydigan, hatto zararli deb hisoblaydigan ijodkorlar armiyasi oldida mutlaqo kutilmagan bepoyon vodiylar, kengliklar ochildi. Bizga noma’lum yoki nomlari tilga olinishi taqiqlangan faylasuflar, psixologlar, tarixchilar, axloqshunoslar asarlarini-ku, asti qo‘yaverasiz! Mana shunday paytda Siz “Alvido, qurol!”, “Chol va dengiz” asarlarini o‘zbek kitobxonlariga tortiq qildingiz. O‘zbek adabiyoti maydoniga Xeminguey ismli adib o‘z oyog‘i bilan kirib kelganday bo‘ldi. Mopassanning “Azizim” romani ozmuncha shov-shuvga mavzu bo‘ldimi?! “Jinoyat va jazo”-chi? “Telba”-chi? Shu singari jahon adabiyoti klassik namunalarining ona tilimizga o‘girilgan davr va milliy adabiyotimizdagi evolyutsiya jarayonlari o‘rtasidagi bog‘liqliklar tadqiq etilsa g‘oyatda muhim va qiziqarli qonuniyatlarni kashf etish mumkin. Hozir tilga olingan asarlar tufayli Xemingueyning, Mopassanning, Dostoyevskiyning uslubiy o‘ziga xosliklari kirib keldi adabiyotimizga degani emasmi bular?!

Bu singari ko‘plab asarlar bilan Siz talabalik yillaringizda tanishib ulgurgan edingiz. Tanish bo‘lganligingiz uchun ham jisman yurtingizda, ona shahringizda yashasangiz ham fikran, xayolan jahon adabiyotining sara namunalari dunyosida kezib yurgansiz. Falon-falon asarlar tilimizda ommalashmas ekan dunyoni badiiy idrok etish borasidagi adabiy-badiiy “aslaha”larimiz yangilanmay qolib ketaveradi deb o‘ylagansiz. Yigirma yoshli Cho‘lpon “Bir xil, bir xil, bir xil!” deya fig‘on chekkani singari qayg‘urgansiz. Ibtidoiy darajasidan ko‘tarilmay qolishini istamagansiz va shu istak yo‘lida amaliy ishga kirishgansiz – yangidan-yangi asarlar tarjimasiga kirishgansiz. Shunday emasmi, Ibrohim aka?

Yurtimizda “Jahon adabiyoti” jurnalining ta’sis etilishi ayniqsa Sizning dilingizda tugilib yotgan ezgu niyatlar, ushalmagan orzular ijobati sari yo‘l ochdi. Birinchi Prezident tashabbusi bilan dunyo yuzini ko‘rgan jurnalga bosh muharrirlik qilgan Ustoz Ozod Sharafiddinovning ijtimoiy buyurtmasi, endi o‘ylasak, chinakam ma’nodagi tarixiy taklif bo‘lgan. U kishi Sizdan Nisshening “Zardusht tavallosi”ni, Markesning “Buzrukning kuzi”ni, Joysning “Uliss” asarini tarjima qilib berishni iltimos qilgan. Men takror-takror o‘ylayman, o‘zimcha mulohaza yuritaman: axir ushbu taklifning o‘zi tarixiy voqea-ku, Ustoz! Tasavvur qilaylik, do‘stlar-azizlar! Istibdod changalidan kechagina ozod bo‘lgan O‘zbekistonimizda “Jahon adabiyoti” jurnali ta’sis etilsa, jurnalning bosh muharriri tarjimon zimmasiga shu qadar noyobu nodir asarlarni o‘zbekchalashtirish vazifasini yuklasa?! Nima uchun aynan Ibrohim G‘afurovga?! Malakali tarjimonlarimiz oz emasidi. Yo‘q, Ozod aka kimning zimmasiga qanday yuk qo‘yishni yetti o‘lchab bir kesgan, g‘oyatda murakkab o‘qiladigan, tarjima qilish yana o‘n, yuz karra mushkulroq bo‘lgan asarlarni o‘zbekchaga o‘girishni EGASIga topshirgan. Va juda qisqa fursatlar o‘tmay har uchala asar jurnal sahifalari orqali minglab, millionlab kitobsevarlarimiz, fikrsevarlarimiz ixtiyoriga taqdim etilgan!

Bunday voqeaning munosib bahosini bermog‘imiz kerak emasmi?

Bu zamonaviy o‘zbek badiiy tafakkuri tilga olingan uchala adib darajasiga yetmoqda, yetishmoqda degani! Bu o‘zbek adiblari jahonning mana man degan adiblari saviyasida asarlar yaratishga qodir degani. Bu o‘zbek tili eng hazmi og‘ir, eng murakkab uslubdagi asarlarni bemalol qayta gavdalantira olishga qodir til degani!

“Tarjimada har bir so‘z, har bir jumla sizga qarshilik ko‘rsatadi” degan gapingiz yodimda. To‘g‘ri gap, lekin Siz tarjima uchun tanlagan asarlaringizda (“Iblislar”, “Qiyomat”, “Panchatantra” hamda Folkner va Sartr hikoyalari shu jumladan) bunday qarshilik yuz karra shafqatsiz tus oladi. Bunday qarshiliklarni mardonavor yengib o‘tish, ya’ni tarjimani sayratib yuborish bu tom ma’nodagi ma’naviy jasorat deganidir!
– Badiiy tarjimachilik ham tirik jarayon: u mavjud, shakllanadi, taraqqiy etadi, yutuqlarga erishadi, sustlashadi… yashaydi. Muhimi – uning yashovchanligi! Qolganini hayot ko‘rsatadi…

Tarjima haqida gurungimiz uzoq cho‘zildi. Yozuvchi do‘stimiz Habib Temur Sizga bo‘lgan hurmat-ehtiromini saqlagan holda dedi:

– “Aka-uka Karamazovlar”ni tarjima qilib berishingiz kerak, Ibrohim aka. Shunda Dostoyevskiy to‘lasicha o‘zimizning adibga aylanadi.

Xuddi shunday istakni atoqli huquqshunos olim, badiiy adabiyot targ‘iboti yo‘lida hormay-tolmay zaxmat chekayotgan Akmal Saidov va yana boshqalar ham bildirishgan.

Shunchaki istak emas bular, Ustoz. Sizga ixlosi katta, ishonchi qoyim bo‘lgan shogirdlaringiz, qalamkash birodarlaringiz – kitobxonlaringiz tomonidan bildirilgan istak, orzu, hatto nakazdir bular.

Ibrohim aka! Kundaligimdagi yozuvdan kelib chiqsam, I.Turgenevning “Nasrdagi nazmlar”ini 83-yilning bahorida ilk bora o‘qib o‘zimni yo‘qotib qo‘ygudek holatga tushgan ekanman. Kitobni qo‘limdan qo‘yolmayman desangiz!.. Unga taqlidan qog‘oz qoralashga kirishib ketdim. Goh o‘xshadi, goh eplolmadim. Oradan ko‘p o‘tmay dastlab jurnallarda, so‘ng “Iltijo” kitobingizda “Mansura” janriga ko‘zimiz tushdi. Ibrohim G‘afurovning navbatdagi yangiligi, adabiy kashfiyoti edi mansura: shakli, syujeti, so‘z, jumla va gaplarning qurilishi. Ohangi! Yangi maydon ochdingiz – mansura maydoni. O‘qish, ayniqsa uqish oson ko‘chmadi mansuralarni, Ibrohim aka. Shunda O‘zingiz o‘quvchingizga picha shafqat qildingiz: mansuralar turkumiga “Mening romanlarim” deya nom berdingiz. Darhaqiqat, aksariyati shapaloqdek chiqar-chiqmas lavhalarda romanga yaroqli GAP yashiringanligi ma’lum bo‘ldi. Mansura o‘zimiz ko‘nikkan mutolaa uslubidan ko‘ra boshqacharoq o‘qishni taqozo etishini tushundik. Usmon Nosir mansura yozgani, Fitrat sochim she’rlar deganda mansurani nazarda tutgani, bu janrning ildizi ancha chuqur ekanligi, milliy adabiyotimiz uchun begona emasligi aniqlandi.

Ibrohim aka! Siz Respublikamiz Oliy Majlisi deputati sifatida faoliyat yuritgan yillaringizda ham, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasiga ta’mal toshini qo‘ygan kezlaringizda ham asl hayotiy aqidalaringizdan chekinmadingiz. Barcha sa’y-harakatlaringiz keng omma orasiga ziyo taratishga, ziyo taratish orqali xalqning sifat belgisini yanada oshirishga qaratdingiz. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligi bosh muharriri o‘rinbosari sifatida ishlagan yillaringiz esa gazeta tom ma’nodagi o‘tli minbarga aylandi. Gazetaning o‘sha yillardagi sonlari talashib o‘qildi, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” zamonaviy o‘zbek matbuoti tarixiga erk va hurlik targ‘ibotchisi, ma’rifat va ma’naviyat ulashuvchisi sifatida bitildi.

Ibrohim aka! Yangi nashrdan chiqqan kitoblardan doimo boxabar bo‘lib yurasiz, yangi o‘qigan kitoblaringiz haqida maroq bilan hikoya qilasiz. Tom ma’nodagi kitob, mutolaa targ‘ibotchisiga aylanasiz.

– Uelbekni o‘qiganmisiz? – so‘rab qoldingiz ittifoqo.
– Yo‘q, – dedim.
Ranjidingiz.
– Butun Yevropada nomi og‘izdan tushmayotgan yozuvchidan bexabar odam qanday qilib yozuvchiman deya oladi o‘zini? – dedingiz talabchan-tanbeh ohangida.
– Bekketning “Dante” degan hikoyasi bor. – So‘z ochdingiz ittifoqo.
– “Dante mangusta”, – dedim. Hikoyaning o‘zini eslolmadim.
– Ajoyib hikoya! Qayta-qayta o‘qiyman. Yod bo‘lib ketdi…

Shunchaki suhbatlar emas bular. Balki – tanbeh, istak-orzu, yana va yana ko‘proq o‘qishga, yanayam puxta yozishga da’vat!..
O‘tkir aka Hoshimov juda to‘g‘ri ta’rif keltirgandilar: “Ibrohim G‘afurov agar munaqqid bo‘lmasa, shoir bo‘lardi. Olim bo‘lmasa, adib bo‘lardi. Tarjimon bo‘lmasa, rassom bo‘lar edi”.
Ustoz Erkin Vohid topib aytgandilar: “Ibrohimjon bu dunyoning odamiga o‘xshamaydi”…

Shunday Inson bilan hayot, adabiyot, ijod mavzuida gaplashadigan gaplar tugamasligi tabiiy albatta, Ibrohim aka. Qolaversa, jamiyatimizda ochiq muloqot, ochiq munosabatga katta imkoniyatlar yaratilgan go‘zal bir pallada yashab turibmiz. Mana shunday qutlug‘ yilda 80 yillik tavallud ayyomingiz keng nishonlanmoqda mamlakatimizda. Maktub-esseni o‘zimcha “Qora xat” deb nomlagan mansurangizdan boshlagan edim. Sizning qadrdonlaringiz, safdoshlaringiz, xalqimizning ardoqli farzandlari ruhini shod etish niyatida unga kichik bir nazira keldi xayolga:

2017-yil. Qahraton qish. 80 ga yetdim.
Erkin Vohid qani?
Alibek Rustam qani?
Abdulla Orif qani?
O‘tkir Hoshim qani?
Shukur Xolmirza qani?
Rauf Parfi qani?..

…Donishmand hayot esa o‘z oqimidan biron lahza to‘xtamaydi. Vaqt daryosi tinmay olg‘a qarab oqishda davom etadi. Ilohim “Ibrohim G‘afur” nomli azim daryoning olmos mavjlari aslo tinmasin – adabiyotimiz, madaniyatimiz, ma’rifatimizning ko‘rki bo‘lib, faol ijoddagi faolligingiz so‘nmasin, Ustoz!

Kamoli ehtirom ila
Xurshid Do‘stmuhammad