Shavkat Mirziyoyev: ertaga ijtimoiy muammolarni bartaraf etishga sarflanadigan mablagʻni bugun maktablarga berishimiz kerak

Yaqinda Toshkent shahri Sergeli tumanining 5A mavzesida 329-umumiy oʻrta taʼlim maktabi foydalanishga topshirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-may kuni ushbu taʼlim maskani faoliyati bilan tanishdi.

Maʼlumki, mazkur tumanda koʻp qavatli uy-joylar bunyod etilib, aholi soni oshib bormoqda. 2019-yilda bu yerda toʻrtta yangi maktab barpo etish ishlari boshlangan edi. Hozirda ularning ikkitasi qurib bitkazildi. Yangi oʻquv dargohlari tumandagi bolalar va oʻsmirlar hamda ota-onalar uchun munosib sovgʻa boʻldi.

Bugungacha eng katta maktablar 700 oʻrinli boʻlardi. 329-umumiy oʻrta taʼlim maskani 1680 oʻquvchiga moʻljallangan. Unga asos solishda 2019-yilda tashkil etilgan Prezident maktablari tajribasidan foydalanilgan.

Toʻrt qavatli maktabda 48 ta oʻquv xonasi mavjud. Shundan 20 tasi fan kabineti, 14 tasi boshlangʻich sinf xonasi va yana 14 tasi xorijiy tillarni oʻqitishga moʻljallangan. Laboratoriya va toʻgarak xonalari, elektron kutubxona, tibbiyot punkti, oshxona, faollar zali, sport maydonlarida zamonaviy sharoitlar yaratilgan.

Ahamiyatlisi, bu yerda bolalarni hozirdanoq aniq kasblarga yoʻnaltirish, hunarlarga mehr uygʻotish maqsadlarida kasbga yoʻnaltirish xonalari tashkil etilgan, ular kerakli jihozlar, asbob-uskunalar, mehnat qurollari, mato va materiallar bilan toʻldirilgan.

Taʼlim sifatini taʼminlash maqsadida maktabga direktor tanlov asosida, oʻqituvchilar esa test sinovlari natijasida ishga qabul qilingan.

Davlatimiz rahbari maktab darsliklari saviyasi talabga mutlaqo javob bermasligi, oʻquv dasturlarini ilgʻor xorijiy bilimlar asosida takomillashtirish zarurligini taʼkidladi. Bolalarga sifatli taʼlim berish, shu bilan birga, 7-sinfdan boshlab kasbga yoʻnaltirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

– Oʻgʻil-qizlar hunar oʻrgansa, oʻziga ishonchi ortadi, dunyoqarashi ham oʻsadi, ota-onasining ham koʻngli toʻq boʻladi. Keyinchalik ijtimoiy muammolarni bartaraf etishga mablagʻ sarflamaslik uchun bugun shu mablagʻni maktablarga berishimiz kerak. Bolalarimizni vatanparvar, jamiyatga kerakli inson qilib tarbiyalamasak, kelajakka xiyonat qilgan boʻlamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Maʼlumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan maktab dasturiga shaxmat saboqlari kiritilgan edi. Musiqa xonasi bilan tanishuvda yana bir shunday taklif bildirildi.

– Har bir oʻgʻil-qiz hech boʻlmasa bitta cholgʻu asbobini chalishni bilishini istardim, – dedi davlatimiz rahbari.

2019-yili 23-avgustda oʻtkazilgan yigʻilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab taʼlimini rivojlantirish buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanishi zarurligini taʼkidlagan edi. Soʻnggi uch yilda mamlakatimizda 160 dan ortiq umumtaʼlim maskani qurildi, oʻnlab ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi. Oʻqituvchilarning ish haqi oʻrtacha 2,5 barobar oshirildi. Bularning barchasi taʼlim sifatini koʻtarishga, pedagoglarning jamiyatdagi obroʻ-eʼtiborini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

 

O’zA