Turizm va davlat aktivlari sohalaridagi loyihalar taqdimoti oʻtkazildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-may kuni turizm va davlat aktivlarini xususiylashtirish sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Koronavirus pandemiyasi turizm sohasiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Jahon turizm tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, 2020-yil yakunlari boʻyicha xalqaro sayohatlar 89 foizga, ish oʻrinlari 74 milliontaga qisqarishi, sohadagi jami yoʻqotishlar 800 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda.

Maʼlumki, joriy yil 16-martdan mamlakatimiz tashqi va ichki turistlar uchun yopilgan edi. Oqibatda 1,5 mingdan ortiq turoperator, 1,2 mingta mehmonxona oʻz faoliyatini toʻxtatdi.

Bu gidlar, milliy hunarmandchilik, ziyoratgoh va sihatgohlar, umumiy ovqatlanish, transport va boshqalar bilan qoʻshib hisoblaganda 250 mingdan ortiq aholi daromadiga jiddiy taʼsir qildi.

Pandemiyaning oqibatlarini yumshatish maqsadida bu sohaga ham qator yengilliklar berildi. Jumladan, 1 ming 750 ta subyektga mol-mulk, yer va ijtimoiy soliqlardan 60 milliard soʻmga yaqin imtiyoz taqdim etildi. Lekin bu imtiyoz va preferensiyalar vaqtinchalik. Doimiy barqaror rivojlanish uchun esa pandemiya sharoitida ishlashga oʻrganish zarur.

Shu bois bu boradagi xorijiy tajriba oʻrganildi. Xususan, “Uzbekistan. Safe travel guaranteed” (“Oʻzbekiston. Xavfsiz sayohat kafolatlangan”) brendi ostida turistlar uchun sanitariya-epidemiologik xavfsizlik tizimi ishlab chiqildi.

Davlatimiz rahbariga ushbu loyiha taqdimot qilindi. Shuningdek, mamlakatimizda ichki turizmni tiklash va rivojlantirish borasidagi rejalar bilan tanishildi.

Prezidentimiz birinchi bosqichda “yashil” hududlar oʻrtasida ichki turizmga ruxsat berish zarurligini taʼkidladi. Togʻli joylar va koʻl boʻylarida yengil konstruksiyali dam olish maskanlarini tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berildi. Hokimlar bilan birgalikda koʻchma dam olish maskanlari dislokatsiyasi tasdiqlanib, elektron portalga joylashtiriladi.

Ikkinchi bosqichda koronavirus kasalligi jilovlangan davlatlar roʻyxatini shakllantirib, ular bilan turizm aloqalarini bosqichma-bosqich tiklash kerakligi taʼkidlandi.

– Turizm faoliyatini qayta tiklash uchun, eng avvalo, mehmonxonalar qanday ishlaydi, turistlar aeroportda qanday qabul qilinadi, ularning mamlakat ichida harakatlanishi qanday tashkil etiladi, degan savollarga aniq javob boʻlishi kerak. Belgilanadigan meʼyorlar sodda, lekin kasallikning oldini olish uchun yetarli boʻlishi lozim. Misol uchun, bitta holat aniqlansa, butun mehmonxonani karantinga olishga zarurat boʻlmaydigan tizim ishlab chiqish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Turizm yoʻnalishida tadbirkorlar koʻrgan zararni yaqin 1-2 yil ichida toʻliq qoplash qiyin. Shu bois Prezidentimiz bu sohaga qoʻshimcha imtiyoz va preferensiyalar berish lozimligini taʼkidladi.

Xususan, turistik yigʻimlardan ozod qilish boʻyicha avval berilgan imtiyoz yil yakuniga qadar uzaytiriladi. Shuningdek, soha korxonalari foyda soligʻini hisoblashda 2020-2021-yildagi koʻrgan zararlarini keyingi yillar foydasidan chegirib tashlashga ruxsat beriladi.

Mehmonxonalarga koʻrsatgan xizmatining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Bundan tashqari, ularga aylanma mablagʻ uchun kredit foiz toʻlovlarining 10 foizigacha boʻlgan qismiga subsidiya beriladi.

* * *

Raqobat – iqtisodiyotning muhim asoslaridan biri. U mahsulot va xizmatlarda sifatni taʼminlab, aholiga tanlov imkoniyatini yaratadi. Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish va monopoliyaga qarshi kurashish boʻyicha koʻrilayotgan choralardan maqsad ana shu.

2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida hamda unga muvofiq 2019-yil 14-yanvarda qabul qilingan “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmonida shu borada aniq vazifalar belgilangan edi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 2 ming 965 ta davlat ishtirokidagi korxona mavjud. Ularning aksariyati eski usulda, samarasiz ishlamoqda. Ushbu korxonalarning yarmidan koʻpi hatto dividend toʻlash imkoniga ega emas.

2019-yil 11-dekabr kuni Prezident huzurida oʻtkazilgan yigʻilishda ushbu korxonalarni bozor prinsiplari asosida isloh qilish, xususiy investorlarga sotish boʻyicha topshiriqlar berilgan edi. Shundan kelib chiqib, respublika boʻyicha yalpi xatlov oʻtkazildi.

Yil boshidan beri 299 ta davlat aktivlari 348 milliard soʻmga sotildi. Yangi investorlar ushbu obyektlarga jami 3,3 trillion soʻm investitsiya kiritib, 4 ming 700 nafar yangi ish oʻrinlari yaratish majburiyatini olgan.

Xususan, sobiq “Chorsu” mehmonxonasi, “Samarqandkimyo” korxonasi, “Oʻzbekiston” mehmonxonasidagi davlat ulushi, Qoʻngʻirot soda zavodi sotildi. Bu obyektlarga 425 million dollar investitsiya kiritilib, 800 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Taqdimotda davlat aktivlarini xususiylashtirish, boʻsh turgan obyektlar va yer maydonlarini aniqlash hamda ulardan samarali foydalanish, davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvni joriy etishga doir rejalar haqida maʼlumot berildi.

Prezidentimiz sohadagi ishlarni davom ettirib, yana 1 ming 400 ga yaqin davlat aktivlarini xususiy investorlarga berishni tezlashtirish zarurligini taʼkidladi. Vazirlar Mahkamasiga xususiylashtirish dasturini tasdiqlash vazifasi qoʻyildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tarmoq rahbarlari bilan birga unumsiz ishlayotgan 711 ta korxonani tugatish, 262 tasini qayta tashkil etish, shuningdek, 500 dan ziyod bozorlarni xususiy sektorga berish boʻyicha yoʻnalishlar aniqlandi. Davlat ixtiyorida saqlab qolinadigan korxonalarni boshqarish va isloh qilish boʻyicha yangi tizim joriy etish muhimligi qayd etildi.

 

OʻzA