Nukus shahri markazida barpo etilayotgan “Nukus city” shaharchasining qurilishi tufayli Qoraqalpogʻiston koʻchasi 11-uyda joylashgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi binosi vaqtincha boshqa joyga koʻchirildi.
Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati OʻzAga maʼlum qildi.
Taʼkidlash joizki, Prezidentimizning 2018-yil 2-avgustdagi “Respublika hududlarida “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Nukus shahri markazida “Nukus city” shaharchasi barpo qilinishi boshlangan. Prezident qarori ijrosi yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan 2019-yil “Nukus city” zamonaviy ishbilarmonlik markazini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi qaror ham qabul qilingan.
“Nukus city” shaharchasining qurilishi bois Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi Qoraqalpogʻiston koʻchasida joylashgan boshqarmaning yigʻin punktiga vaqtincha koʻchirib oʻtildi. Boshqarma oldin joylashgan hududda rekonstruksiya va qurilish ishlari boshlangan. Kelgusida mazkur yigʻin punktining oldida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi uchun uch qavatli zamonaviy bino qurish rejalashtirilmoqda.
Xozirda Mudofaa ishlari boshqarmasi toʻliq koʻchirilib, ish-faoliyatini toʻlaqonli davom ettirmoqda.
OʻzA