Loyihalarni amalga oshirishda mezonlar belgilab berildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 26-may kuni investitsiya masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Tadbirda Investitsiya dasturining joriy yil dastlabki toʻrt oyidagi ijrosi tahlil qilinib, prognoz koʻrsatkichlarini soʻzsiz bajarish, jumladan, yirik ishlab chiqarish quvvatlari, ijtimoiy va infratuzilma obyektlarini foydalanishga topshirish chora-tadbirlari muhokama etildi.

2020-yilgi Investitsiya dasturiga 3 mingdan ortiq loyiha kiritilgan boʻlib, ularni amalga oshirish uchun 235 trillion soʻmlik investitsiyalar, jumladan, 7 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalar oʻzlashtirilishi belgilangan.

Qariyb bir oydan keyin birinchi yarim yillik tugaydi. Bugungi murakkab davrda iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi ishlarning dastlabki natijalari yuzaga chiqadi.

Shu bois davlatimiz rahbari tez vaqtlarda natija beradigan, ayniqsa, yangi ish oʻrinlari yaratadigan va iqtisodiy oʻsishni taʼminlaydigan loyihalar boʻyicha ishlash kerakligini taʼkidladi.

Avvalo, ijtimoiy soha va infratuzilma obyektlari masalasiga eʼtibor qaratildi. Hozirgi kunda Samarqand viloyatida 38 ta, Toshkent viloyatida 89 ta, Xorazm viloyatida 41 ta loyiha boʻyicha qurilish ishlari orqada qolayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Uy-joy kommunal xizmat vazirligi hamda Suv xoʻjaligi vazirligiga Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan moliyalashtiriladigan obyektlarda qurilishni jadallashtirish vazifasi qoʻyildi.

26-may kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirish toʻgʻrisida Prezident qarori qabul qilindi. Unga koʻra, metallurgiya komplekslari va 2 ta mis boyitish fabrikasi barpo etish orqali mis va oltin ishlab chiqarish hajmi 3 baravarga oshirilib, mis ishlab chiqarish koʻrsatkichlari 400 ming tonna, oltin – 50 tonna va kumush 270 tonnagacha yetkaziladi.

Zargarlik va elektr texnikasi kabi tarmoqlar bundan foydalanib, ishlab chiqarish hajmi va ish oʻrinlarini koʻpaytirishi zarurligi qayd etildi.

Maʼlumki, joriy yilgi vaziyatni inobatga olib, kechiktirish mumkin boʻlgan qurilishlar uchun ajratilgan 450 milliard soʻm Investitsiya dasturidan chiqarilgan edi. Bu mablagʻning 150 milliard soʻmi 40 ming gektar yerni oʻzlashtirib, 80 mingta doimiy ish oʻrni yaratishga yoʻnaltirildi.

Yigʻilishda har bir tarmoq va hudud rahbari byudjetdan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarini yana bir bor koʻrib chiqib, xarajatlarini optimallashtirishi zarurligi taʼkidlandi.

– Har bir loyihani amalga oshirishdan oldin ushbu obyekt hudud rivojiga hamohangmi, bundan aholiga naf bormi, qancha odam ish bilan taʼminlanadi, degan savollarga javob topish shart, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bosh vazir oʻrinbosarlariga kelgusi yil uchun Investitsiya dasturiga birinchi navbatda yangi ish oʻrinlari yaratadigan va kambagʻallikni kamaytirishga yordam beradigan loyihalarni kiritish mezonlarini joriy etish topshirildi.

Obyekt qiymati, loyihalarning sifati va ularning kelgusidagi natijadorligi koʻp jihatdan loyiha hujjatlariga bogʻliq. Ularning aksariyati xalqaro talablarga javob bermaydi, xorijdan jalb qilingan kompaniya va mutaxassislar bu loyihalar asosida ishlay olmaydi.

Shu bois jahon standartlarini tezroq adaptatsiya qilish shartligi taʼkidlandi. Kelgusi yildan boshlab byudjet mablagʻlari hisobidan yirik obyektlarni loyihalashdan tortib, ularni foydalanishga topshirishgacha boʻlgan barcha jarayonlar xalqaro meʼyorlar asosida amalga oshirilishi belgilandi. Shuningdek, loyihalashga mablagʻ ajratish boʻyicha qoʻyilgan cheklovlar bekor qilinadi.

Qurilish vazirligiga loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, qurish, ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha xalqaro standartlarni joriy etish yuzasidan topshiriqlar berildi. Bunda loyiha tashkilotlarining mualliflik va buyurtmachilarning texnik nazorat boʻyicha masʼuliyati va javobgarligi ham aniq belgilanadi.

Yigʻilishda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar ham atroflicha tahlil qilindi.

Joriy yilda oʻzlashtirilayotgan bunday sarmoyalarning 34 foizi neft-gaz, energetika, togʻ-kon va metallurgiya tarmoqlari hamda 52 foizi hududiy loyihalarga tegishli. Shu bilan birga, elektrotexnika, kimyo va oziq-ovqat sanoatida bu kabi investitsiyalarni bir necha baravar oshirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga “oʻsish nuqtasi” boʻla oladigan axborot texnologiyalari, zargarlik, kimyo, elektr texnikasi, oliy taʼlim, sogʻliqni saqlash sohalariga faol sarmoyalar jalb qilish boʻyicha alohida yondashuvlarni ishlab chiqish topshirildi.

Umuman, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha yondashuvlarni oʻzgartirish, mahalliy investorlarni qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish lozimligi taʼkidlandi.

Bugungacha faqat xorijlik investorlar uchun koʻzda tutilgan imtiyozlar endi mahalliy xususiy sarmoyadorlar uchun ham joriy qilinadi. Misol uchun, xususiy investor oʻz hisobidan 25 million dollardan ortiq qiymatdagi loyiha boshlasa, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari byudjet hisobidan qurib beriladi.

Shuningdek, chet elda yashayotgan vatandoshlarimizni mamlakatimizga investitsiya kiritishga ragʻbatlantirish va ular bilan doimiy ishlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yigʻilishda pandemiya sababli oʻzlashtirilmay qolishi ehtimoli boʻlgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar sohalar va hududlar kesimida koʻrib chiqildi. Bunday loyihalarning istiqbolini oʻrganib, muddatlarini kechiktirish yoki oʻrniga yangilarini kiritish mumkinligi qayd etildi.

Xalqaro moliya institutlari kreditlari hisobiga amalga oshiriladigan 98 ta loyiha boʻyicha mablagʻlarni oʻzlashtirish darajasi tanqid qilindi. Vazirliklarga muammolarni tez orada bartaraf etib, loyihalarni jadallashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Investitsiya dasturi doirasida joriy yilda 206 ta yirik loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Ulardan 39 tasida muddatdan kechikish xavfi bor. Bu loyihalarning asosiy qismi energetika, toʻqimachilik, elektr texnikasi, transport tarmoqlari hamda Navoiy, Namangan, Sirdaryo va Fargʻona viloyatlariga toʻgʻri keladi.

Prezidentimiz bu loyihalar natijasida minglab ish oʻrinlari yaratilishi, import oʻrnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilishi zarurligini taʼkidlab, mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berdi.

Foydalanishga topshirilgan yirik va oʻrta ishlab chiqarish quvvatlarini monitoring qilish boʻyicha doimiy komissiya tashkil etilishi belgilandi. Bu komissiya korxonalar ishga tushgandan soʻng ularning yetarli xomashyo va infratuzilma bilan taʼminlanishi, toʻliq quvvatda ishlashiga masʼul boʻladi.

Yigʻilishda, shuningdek, aholi daromadini oshirishga xizmat qiladigan kichik loyihalarga investitsiyalarni koʻpaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Masalan, Andijonda meva-sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik yoʻnalishidagi 7 ta klaster bilan 9 mingdan ziyod aholi oʻrtasida kasanachilik usulida kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish boʻyicha 40 million dollarlik loyihalar ishlab chiqilgan. Ushbu tajriba asosida boshqa aholi zich hududlarda ham shunday tizim qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Sanoati rivojlanmagan Tomdi tumanida 320 milliard soʻmlik 70 ta hamda Paxtachi tumanida 660 milliard soʻmlik 83 ta investitsiya loyihalari shakllantirilgan. Ularni amalga oshirish uchun Paxtachining Navoiy shahri bilan, Tomdining Zarafshon shahri bilan chegaradosh hududida sanoat zonalari tashkil etilishi moʻljallangan.

Mutasaddilarga, shuningdek, sanoati rivojlanmagan boshqa tumanlar boʻyicha imkoniyatlarni aniqlab, sanoat zonalari tashkil etish yuzasidan koʻrsatmalar berildi. Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini koʻpaytirish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi.

Videoselektor yigʻilishida iqtisodiyot tarmoqlari va hududlar rahbarlari joriy yilning oʻtgan davridagi natijalar hamda yil oxirigacha moʻljallangan investitsiya faoliyati yuzasidan hisobot berdi.

 

OʻzA