Prezident: Beparvolik pandemiyaga qarshi barcha ishlarimiz natijasini yoʻqqa chiqarishi mumkin

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 26-may kuni investitsiya masalalari muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi avvalida mamlakatimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida alohida toʻxtalib oʻtildi. Davlatimiz rahbari, jumladan, shunday dedi:

– Keyingi kunlarda koronavirus bilan kasallanganlar soni respublikamizda ham koʻpayganligi qayd etilmoqda.

Aytish kerakki, aksariyat hudud va korxona rahbarlari, fuqarolarimiz karantin choralarining yumshatilganini “kasallik tugadi” deb, notoʻgʻri qabul qilmoqdalar.

Bugungacha chet eldan olib kelingan fuqarolarimiz soni 47 mingtani tashkil etmoqda. Afsuski, ularning, ayniqsa keyingi ikki hafta davomida kirib kelganlarning aksariyatida koronavirus aniqlangan.

Bemorlarning qariyb 50 foizini ham xorijdan kelgan fuqarolar tashkil etadi.

Keyingi 10 kunda 3,5 ming odam havo yoʻllari, 7 mingga yaqin vatandoshimiz chegara postlari orqali yurtimizga kirib kelishi kutilyapti. Bunga qoʻshimcha yana 100 ming nafardan ortigʻi Oʻzbekistonga qaytish istagini bildirib, navbat kutmoqda.

Fuqarolarimiz qaytib kelayotgan davlatlar hamda qoʻshni mamlakatlardagi vaziyatning ogʻirligini hisobga olib, xotirjamlikka berilish mumkin emas.

Ayniqsa, bozorlar, savdo komplekslari, banklarda ijtimoiy masofaga amal qilmaslik, koʻcha-koʻyda tibbiy niqob taqmaslik, bemalol va xotirjam boʻlib, uylarda turli tadbirlar oʻtkazish holatlari koʻpaymoqda.

Bunday salbiy holatlar kasallikni aniqlash, oldini olish va davolash uchun qilayotgan barcha harakatlarimiz, byudjetdan olinayotgan trillionlab xarajatlarimiz natijadorligini yoʻqqa chiqarishi mumkin.

Respublika komissiyasi viloyat hokimlari bilan birga bir kun muddatda epidemiologik vaziyat yomonlashgan hududlarning toifasini qayta koʻrib chiqsin hamda karantin choralarini kuchaytirish boʻyicha taklif kiritsin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi “qizil” va “sariq” hududlarda kunlik test olish sonini oshirishi lozim. Bunda tibbiyot muassasalari, bozorlar, banklar va aholi koʻp joylarda nazorat testlar olishni koʻpaytirsin.

Shu oʻrinda bir muhim masalaga eʼtiborni qaratmoqchiman. Pandemiyaning iqtisodiyotga taʼsirini yumshatishga qaratilgan 16 ta hujjat qabul qildik. Lekin joylarda ushbu qarorlar ijrosini tashkil etish oqsamoqda, yaratilayotgan sharoit va imtiyozlarni fuqarolar va tadbirkorlarga manzilli yetkaza olmayapmiz.

Oliy Majlis palatalari joylarda xalq deputatlari kengashlari bilan birga pandemiyaga oid Prezident qarorlari va topshiriqlari ijrosi yuzasidan parlament va kengashlarning taʼsirchan nazoratini yoʻlga qoʻyish kutilgan natija berishi mumkin.

Shuningdek, tuman, shahar, viloyat hokimlari, vazirlar har oyda bir marta Prezident qarorlari ijrosi boʻyicha brifing oʻtkazib, ommaviy axborot vositalari, parlament vakillari va keng jamoatchilik oldida hisobot berib borsin.

Albatta, karantin choralarini yumshatish oqibatida 19 mingdan ziyod (91 foiz) sanoat, 9 mingta (76 foiz) qurilish, 51 mingta (52 foiz) xizmat koʻrsatish, 45 mingta (44 foiz) savdo korxonalarining faoliyati tiklandi.

Buning natijasida may oyida soliq va bojxona tushumlari oʻtgan oyning mos davriga nisbatan 230 milliard soʻmga, tovar-xom ashyo birjasida qurilish materiallari savdosi hajmi esa 20 foizga koʻpaydi.

Tijorat banklari tomonidan kredit ajratish hajmi oʻtgan oyning mos davriga nisbatan 13 foizga oʻsdi.

Bu boradagi ishlarimizni karantin talablariga qatʼiy amal qilgan holda, ham tarmoq, ham hudud kesimida manzilli tarzda davom ettirishimiz lozim.

 

O’zA