“Parvona”dagi Oʻtkuriyni yaratgan dramaturg, “Ritsarlik sharafi” ordenini olgan arxeolog, shaxmat boʻyicha birinchi rasmiy jahon chempioni va 14-may bilan bogʻliq boshqa muhim maʼlumotlar.
OʻZBEKISTON TARIXIDA
1896-yil (bundan 124-yil oldin) – Rossiya podshosi Nikolay II Xiva xoni Muhammad Rahimxon II nomiga Yorliq tayyorlattirdi. Unda, jumladan, shunday soʻzlar bor: “Janobi Oliylari, Siz boshqarayotgan xalqning tinch va farovon turmush kechirayotgani, xonlikdagi rus va mahalliy xalqlarning aʼlo darajadagi munosabatlari va Sizning samarali faoliyatingizni hisobga olib, Sizga Oʻzimning iltifotimni bildirib, Siz Janob Oliylarini Oʻzimning Shonli Armiyam roʻyxatiga General-Leytenant qilib kiritdim. Sizga boʻlgan ezgu iltifotimning alohida belgisi sifatida Siz Janob Oliylariga koʻkragingizga taqib yurish uchun brilliantlar bilan bezatilgan Oʻz Ismim tasvirini yubordim. Nikolay”.
1899-yil (bundan 121-yil oldin) – Toshkent sud palatasi va okrug sudining tantanali ochilish marosimi boʻldi. Toshkent sud palatasi Rossiya imperiyasining 14-palatasi boʻlib, u oʻlkaning barcha sud organlari faoliyatini boshqarar va nazorat qilar edi.
1905-yil (bundan 115-yil oldin) – Uygʻun taxallusi bilan ijod qilgan Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi Rahmatulla Otaqoʻziyev tavallud topdi (vafoti – 1990-yil). U 1939-yilda yaratilgan birinchi oʻzbek baleti – “Gulandom” librettosi muallifi hisoblanadi. Uygʻun 1942-yilda Izzat Sulton bilan hamkorlikda ulugʻ oʻzbek shoirining 500-yilligiga bagʻishlangan “Alisher Navoiy” dramasini yaratdi.
Urushdan keyingi yillarda sahna yuzini koʻrgan “Alisher Navoiy” dramasi keng tomoshabinlar ommasining Navoiyni kashf etishi va ulugʻ shoirga muhabbat tuygʻulari bilan yoʻgʻrilishida, shuningdek, oʻzbek adabiyotida tarixiy-biografik drama janrining taraqqiyotida muhim ahamiyatga molik boʻldi.
1920-yil (bundan 100-yil oldin) – Turkistonda sovet rejimiga qarshi kurash harakati namoyandalaridan biri, Muvaqqat Fargʻona hukumati raisi Madaminbek (1892–1920) Sovet qoʻmondonligi tomonidan muzokaralar oʻtkazish uchun qoʻrboshilar orasiga yuborilgan paytda Xolxoʻja Eshon buyrugʻi bilan qirgʻizlarning Qorovul otlogʻi atrofida xiyonatkorona oʻldirildi.
1942-yil (bundan 78 yil oldin) – arxeolog-tarixchi olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Edvard Rtveladze tavallud topdi. U Oʻrta Osiyo, Kavkaz, Kipr, Yaponiya va Fransiyada olib borilgan 80 dan ortiq ilmiy arxeologik ekspeditsiyalar ishtirokchisi. 2001-yilda “Buyuk xizmatlari uchun”, 2003-yilda “Mehnat shuhrati” ordenlari va 2001-yilda Gruziyaning “Girsebis” (“Ritsarlik sharafi”) ordeni bilan mukofotlangan.
2019-yil (bundan 1 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Baxshichilik sanʼatini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
JAHON TARIXIDA
1796-yil (bundan 224-yil oldin) – ingliz vrachi, chin chechakka qarshi emlash usulining asoschisi Eduard Jenner (1749–1823) 8 yashar Jeyms Fips ismli bolaga sigir chechagini, bir yarim oydan keyin odam chechagini emladi. Bola chechak bilan ogʻrimadi. Bir necha oy va bir necha yildan keyin Fipsni yana qayta emlab chechakka qarshi emlash mumkinligini va juda yaxshi natija berishini isbotladi.
1836-yil (bundan 184-yil oldin) – shaxmat boʻyicha birinchi rasmiy jahon chempioni Vilgelm Steynis tavallud topdi (vafoti – 1900-yil). U 1886-yilda Iogann Sukertort bilan matchda gʻolib chiqib chempion unvonini oldi. Steynis shaxmatda pozitsion oʻyin nazariyasini ishlab chiqdi.
1900-yil (bundan 120-yil oldin) – Parijda II Olimpiada oʻyinlari ochildi. Ularda birinchi marta ayollar ishtirok etdi. Britan tennischisi Sharlotta Kuper ayollar orasida birinchi olimpiada chempioni boʻldi.
1940-yil (bundan 80 yil oldin) – Niderlandiya fashistlar Germaniyasiga taslim boʻldi. Qirolicha Vilgelmina va hukumat Buyuk Britaniyaga koʻchib ketdi. Niderlandiyani natsistlar idora qila boshladi.
1948-yil (bundan 72 yil oldin) – Yahudiy sionistlar rahnamosi Ben Gurion Isroil davlati tuzilganligini eʼlon qildi. 14-maydan 15-mayga oʻtar kechasi Angliyaning qutqusi bilan 1948–1949-yillardagi arab-isroil urushi boshlandi.
1955-yil (bundan 65 yil oldin) – SSSR, Polsha, Chexoslovakiya, Germaniya Demokratik Respublikasi, Vengriya, Ruminiya, Bolgariya, Albaniya oʻrtasida doʻstlik, hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisida Varshava shartnomasi tuzildi. Varshava shartnomasi NATOga qarshi tuzilgan harbiy ittifoq edi. Varshava shartnomasi tashkiloti 1991-yil 1-iyulda tugatildi.
1970-yil (bundan 50 yil oldin) – Dogʻistonda qattiq zilzila boʻldi. Tabiiy ofat shahar va qishloqlarga katta ziyon yetkazdi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston ham Dogʻistonda uy-joy qurilishi ishlarida katta yordam koʻrsatdi. Dogʻistondagi “Oʻzbekiston” mikrorayoni oʻzbek va Dogʻiston xalqlari doʻstligining ramzidir.
1984-yil (bundan 36 yil oldin) – “Facebook” ijtimoiy tarmogʻining asoschisi va bosh direktori Mark Sukerberg tavallud topdi.
2009-yil (bundan 11 yil oldin) – infraqizil spektrning birinchi tadqiqotchisi Uilyam Gershel sharafiga nomlangan “Gershel” kosmik teleskopi orbitaga uchirildi.