Qoraqalpog‘istonda Janubiy Koreya kinosi kunlari o‘tkazilmoqda

Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi hamda koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz mamlakatimizda yashayotganining 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan madaniy tadbirlar doirasida koreyalik kinoijodkorlar tomonidan yaratilgan bir necha badiiy va multfilmlar namoyish etilmoqda.

Festivalning Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatrida bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida Janubiy Koreyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon U, Qoraqalpog‘iston Respublikasi madaniyat vaziri P.Aytmuratov va boshqalar O‘zbekiston va Janubiy Koreya munosabatlari o‘zaro ishonch, hurmat, do‘stlik va strategik sheriklik asosida izchil mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi. Mazkur tadbir ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarning yanada rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

15.jpg

Janubiy Koreya kinosi kunlari “Pororo: kiber oraliqda sayohat” multfilmi bilan boshlandi. Multfilm Koreyada mashhur bo‘lgan “Pororo” serialining kinoteatrlar uchun ishlangan uchinchi to‘liq metrajli kartinasidir. Multfilm dastlab 2003 yili “Kichkintoy pingvin Pororo” nomi bilan Koreya televideniyesining bolalar kanalida namoyish etilgan. So‘ngra Yaponiya, Xitoy, Fransiya kabi 100 dan ziyod davlatda katta qiziqish bilan tomosha qilindi.

4.jpg

– Koreya kinosi kunlarida namoyish etilayotgan filmlarni tomosha qilar ekanmiz, bu xalqning madaniyati, urf-odatlari, qadriyatlari haqida juda ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘ldik, – deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi S.Ortiqboyev. – Filmlarda ilgari surilgan Vatanga muhabbat, insonlar o‘rtasidagi mehr-oqibat, kattaga hurmat, kichikka izzat kabi olijanob fazilatlar kishini befarq qoldirmaydi.

11.jpg

Festivalda namoyish etilayotgan ikkinchi film “Faqat sen” kartinasi bo‘lib, unda ko‘zi ojiz qaylig‘ini davolatish uchun bor-yo‘g‘idan kechishga tayyor sportchining muhabbati tasvirlangan. Bu badiiy film 2010-yili o‘tkazilgan “16-Pusan kino festivali”ni ochib bergan edi. Undagi bosh rollarni Janubiy Koreyaning taniqli kinoaktyorlari So Li Son va Xan Xio Ji ijro etgan.

 

Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA