Xitoylik mutaxassislarning orolboʻyiga tashrifi

Koronavirusga qarshi kurashishda koʻmak berish uchun yurtimizga tashrif buyurgan xitoylik 14 nafar tibbiyot mutaxassisi Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham boʻlib, COVID-19 virusiga chalingan bemorlarni davolashda oʻzlarining amaliy maslahatlarini berdi.

Mehmonlar dastlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligida boʻlib, bemorlarni davolashning bugungi holati bilan yaqindan tanishdi. Shu yerning oʻzida yuqumli kasalliklar shifoxonasi va boshqa davolash muassasalari shifokorlari ishtirokida onlayn videomuloqot tarzida seminar tashkil etildi. Mutaxassislar koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda oʻzlarining maslahatlarini berdi. Epidemiolog, infeksionist va boshqa shifokorlar bilan bemorlarni anʼanaviy Xitoy tabobati yordamida davolash boʻyicha oʻz mahoratlari bilan oʻrtoqlashdi.
смссч.PNG

– Tashrif davomida tibbiyot muassasalarida bemorlarni davolash va ularga tibbiy xizmat koʻrsatish yaxshi yoʻlga qoʻyilganining guvohi boʻldik, – deydi delegatsiya rahbari, Szyansi provinsiyasi Sogʻliqni saqlash byurosi raisi oʻrinbosari Luo Lisheng. – Ayniqsa, karantin tadbirlarining oʻz vaqtida samarali amalga oshirilgani, tegishli muolajalarning toʻgʻri tashkil etilganligi, tibbiyot xodimlarining yetarli darajada himoya vositalari bilan taʼminlanganligi tufayli koronavirus infeksiyasini yuqtirgan tibbiyot xodimlari va ogʻir holatdagi bemorlar yoʻqligi yaxshi natijadir. Shu nuqtayi nazardan, mamlakatingizda koronavirusga qarshi kurashish borasida samarali usullar qoʻllanilgan va bu boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni yuksak baholaymiz.

Tibbiyot xodimlarining kunu-tun samarali mehnati tufayli koronavirusga chalingan bemorlardan bugungi kungacha 19 nafari sogʻayib oilasiga qaytgani, yaqin kunlarda yana bir guruhining butunlay sogʻayib chiqishi kutilayotgani Chin oʻlkasidan tashrif buyurgan mutaxassislar tomonidan yuksak eʼtirof etildi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA