Rossiya va Ozarbayjon bilan iqtisodiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Rossiya va Ozarbayjon bilan iqtisodiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-mart kuni Rossiya Federatsiyasi va Ozarbayjon Respublikasi bilan ikki tomonlama investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holati va rivojlanish istiqbollari muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Keyingi yillarda ushbu mamlakatlar bilan oʻzaro savdo va investitsiya koʻrsatkichlari muttasil ortib borayotgani qayd etildi. Xususan, 2019-yil yakunlariga koʻra Rossiya bilan tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yilgiga nisbatan 17 foizga ortib, 6,6 milliard dollarni tashkil etdi, Ozarbayjon bilan ikki tomonlama savdo hajmi esa 55,7 foizga oshdi.

Investitsiyaviy hamkorlik mustahkamlanmoqda. Oʻtgan yili Oʻzbekistonda Rossiya sarmoyasi ishtirokida 484 ta yangi korxona tashkil etildi, shunda ularning soni umumiy hisobda 1828 taga yetdi. Bugungi kunda mamlakatimizda Ozarbayjon kapitali ishtirokida tashkil etilgan 178 ta korxona faoliyat yuritmoqda.

Yigʻilishda ushbu mamlakatlar bilan qoʻshma loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish hamda investitsiya, savdo va transport-logistika sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha yangi takliflar ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratildi.

Rossiya Federatsiyasi bilan boʻlajak ikki tomonlama tadbirlar muhokama qilindi. Xususan, rossiyalik sheriklar bilan 3,5 mingta ish oʻrni yaratish imkonini beradigan qiymati 7,3 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ozarbayjonlik hamkorlar bilan sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish doirasida umumiy qiymati 355 million dollardan ziyod loyihalar ishlab chiqilayotgani taʼkidlandi. Jumladan, yengil avtomobil va avtobuslar yigʻishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda. Neft-gaz sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik kengaymoqda.

Ushbu tadbirlarni mazmunan boyitish zarurligi alohida qayd etildi, ishni samarali tashkil qilish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilandi.

Joriy oyda Ozarbayjon va Rossiya bilan qator ikki tomonlama tadbirlar rejalashtirilgan. Xususan, 16-17-mart kunlari Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiya yigʻilishi, mart oyining uchinchi oʻn kunligida esa Rossiya Federatsiyasi bilan shunday tadbir oʻtkazish moʻljallangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya va Ozarbayjonning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan savdo va investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish, sheriklikning yangi yoʻnalishlarini ishlab chiqish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Qishloq va oʻrmon xoʻjaligi, sanoat, shu jumladan agrosanoat, transport va logistika, taʼlim va innovatsiyalar Rossiya bilan hamkorlikning yangi ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilandi.

Ozarbayjon bilan agrar sanoat, uzumchilik va vinochilik, zargarlik, neft va gaz, transport va logistika, taʼlim sohalarida qoʻshimcha yangi loyihalarni ishlab chiqish topshirildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan aloqador vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi, vazifalarning samarali ijrosini taʼminlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar belgilandi.

 

O’zA

  10.03.2020, 07:57  |    361 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!