Toshkent shahridagi investitsiya loyihalari boʻyicha topshiriqlar berildi

7-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Poytaxtimizda 2020-2022-yillarda umumiy qiymati 9 milliard 884 million dollarlik 762 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ularning 122 tasi davlat dasturi, 640 tasi hududiy investitsiya dasturlari doirasidadir.

Xususan, sanoat sohasida 1 milliard 890 million dollarlik 242 ta loyiha, xizmat koʻrsatish yoʻnalishida 4 milliard 966 million dollarlik 337 loyiha amalga oshirilishi moʻljallangan. Zamonaviy turar joy qurilishi boʻyicha 3 milliard 328 million dollarlik 183 ta obyekt bunyod etilishi koʻzda tutilgan.

Yigʻilishda har bir tumandagi istiqbolli loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.

“Sergeli” industrial parki» kichik sanoat zonasida amalga oshiriladigan umumiy qiymati 350 million dollarlik, Yashnobod tumanidagi Texnoparkda umumiy qiymati 418 million dollarlik loyihalar ularning eng muhimlaridan.

Yakkasaroy kichik sanoat zonasi hududida tashkil qilinadigan Toshkent ishbilarmonlik markazi, “Yunusobod siti”dagi zamonaviy turar joy, koʻngilochar va ishbilarmonlik markazlari ham shahar rivojiga xizmat qiladi.

– Investitsiya va eksportdan maqsad – ishchi joy, qoʻshimcha daromad. Toshkentda bu borada juda katta resurslar bor. Hozircha ularning yarmidan ham foydalanilmayapti. Shuning uchun har bir tuman kesimida kichik va oʻrta korxonalarni oʻrganib, ishlab chiqarish va eksport imkoniyatlarini kengaytirish, xalqimizga kafolatlangan daromad manbai yaratish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev yigʻilishda.

2020-yilda jami 4,8 milliard dollar investitsiyalar oʻzlashtirilishi natijasida 400 dan ortiq loyihalar foydalanishga topshirilishi maʼlum qilindi. Bular doirasida 32050 ta yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, joriy yilda 710,5 million dollar miqdorida eksport qilinishi moʻljallangan. Shundan qariyb 674 million dollari sanoat mahsulotlari, 36,5 million dollari meva-sabzavot mahsulotlariga toʻgʻri keladi.

– Oltiariq tumani 120 million dollarlik eksport qilyapti. Toshkentdagidek sanoat obyektlari, kommunikatsiya ularda yoʻq. Poytaxtda zarur infratuzilma bor! Hokimlar yertoʻlani tozalash bilan shugʻullanadigan vaqt oʻtdi. Endi tuman rahbarlari tadbirkorlikni rivojlantirib, tadbirkorlarni aylanma mablagʻlar bilan taʼminlab, eksportiga koʻmaklashib, ular bilan manzilli ishlashi kerak. Sizlar oʻzgarmas ekansiz, vaziyat oʻzgarmaydi, – deya taʼkidladi Prezident.

Investitsiyalar jalb etib, zarurat boʻlsa, tashqi boshqaruvga berib, sanoatning yangi yoʻnalishlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berildi.

 

O’zA